YeTTB: 2025-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 6,7% darajasida o’sishi kutilmoqda
Ichki talab, investitsiyalar va diversifikatsiya mamlakatni Markaziy Osiyoda oʻsish surʼatlari boʻyicha yetakchi qilishi kutilmoqda
Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Mongoliya, Tojikiston va Turkmaniston iqtisodiyotlari 2025-yilda oʻrtacha 6,1% ga oʻsishi kutilmoqda. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hisobotida qayd etilgan.
YeTTB maʼlumotlariga koʻra, oʻsish sanoat ishlab chiqarishining yuqori koʻrsatkichlari, barqaror ichki talab, investitsiyalar, real ish haqlarining oshishi va pul oʻtkazmalari oqimi hisobiga taʼminlanmoqda. 2026-yilda oʻsish moʻtadil surʼatlar bilan 5,2% darajasida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Asosiy xatarlar sifatida xomashyo narxlarining beqarorligi, pul oʻtkazmalariga va Rossiya hamda Xitoy bozorlariga qaramlik qayd etilgan.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilning birinchi yarmida tezlashdi, YAIM 7,2% ga oʻsdi. Ish haqlari va pul oʻtkazmalari (28,7% ga koʻpaygan) hisobiga kuchli ichki talab xizmatlar sohasining 8,2% ga kengayishiga olib keldi. Sanoat esa oziq-ovqat mahsulotlari va metallurgiya ishlab chiqarishining koʻpayishi hisobiga yaxshilandi. YeTTB prognoziga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 6,7% ga, 2026-yilda esa 6,0% ga oʻsadi. Bu ichki talab, investitsiyalar va diversifikatsiyalashgan ishlab chiqarish rivoji bilan qoʻllab-quvvatlanadi.
Qozogʻistonda 2025-yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish hajmi 11,6% ga oshdi, bu esa transport va ulgurji savdoni ham ragʻbatlantirdi. Qurilish sektori ham oʻsish surʼatini 18,4% ga tezlashtirdi. YeTTB Qozogʻiston YAIMining 2025-yilda 5,7% ga, 2026-yilda esa 4,5% ga oʻsishini kutmoqda. Tezlashuv asosan Tengiz konida neft qazib olish hajmining oshishi bilan bogʻliq.
Qirgʻiziston iqtisodiyoti tezlashgan oʻsishni namoyish etdi: 2025-yil yanvar–iyun oylarida YAIM 11,4% ga oshdi. Oʻsishga davlat investitsiyalari, ichki talab, ish haqlari va pul oʻtkazmalari yordam berdi. Asosiy drayverlar ishlab chiqarish, savdo va qurilish sohalari boʻldi. YeTTB prognoziga koʻra, Qirgʻiziston iqtisodiyoti 2025-yilda 9%, 2026-yilda esa 6% ga oʻsadi. Ammo pul oʻtkazmalarining kamayish ehtimoli xavf sifatida qayd etilgan.
Mongoliyada iqtisodiy faollik 2025-yilning birinchi yarmida barqaror boʻlib qoldi, garchi togʻ-kon sanoati koʻrsatkichlari sust boʻlsa-da. YAIM 5,6% ga oʻsdi, bunga asosan ikki yil davom etgan noqulay ob-havo sharoitidan soʻng qishloq xoʻjaligining 35,6% ga tiklanishi sabab boʻldi. YeTTB prognoziga koʻra, Mongoliya iqtisodiyoti 2025-yilda 5,8%, 2026-yilda esa 5,5% ga oʻsadi. Ammo Xitoy tomonidan talabning sustligi va xomashyo narxlarining beqarorligi muammo tugʻdirishi mumkin.
Tojikiston iqtisodiyoti oʻsishni davom ettirmoqda: 2025-yilning birinchi yarmida YAIM 8,1% ga koʻpaydi. Oʻsish ichki savdo, qishloq xoʻjaligi, transport va sanoat hisobiga taʼminlandi. Togʻ-kon sanoatidagi faollik deyarli ikki baravar oshdi. Uy xoʻjaliklari isteʼmoli yuqori darajada qolmoqda, bu real ish haqlarining 17,2% ga va pul oʻtkazmalari 64% ga oʻsishi bilan qoʻllab-quvvatlandi. YeTTB prognoziga koʻra, Tojikiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,5%, 2026-yilda esa 5,7% ga oʻsadi. Pul oʻtkazmalari hajmining kamayish ehtimoli xavf sifatida qayd etilgan.
2025-yilning birinchi yarmida Turkmaniston iqtisodiyoti 6,3% ga oʻsdi. Bunga savdo, transport, xizmatlar sohasi va qurilish turtki berdi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 15,6% ga oshdi. YeTTB prognoziga koʻra, Turkmaniston YAIMi 2025 va 2026-yillarda 6,3% darajasida oʻsishda davom etadi. Bunga energetika, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatiga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar sabab boʻladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ