O‘zbekistonda yaylovlarni tiklash uchun OTB dan $63 mln jalb qilinadi
Tashabbus sug‘orish uchun quduqlar yaratish, o‘simlik dunyosini boyitish va ekish uchun dronlardan foydalanishni nazarda tutadi
O‘zbekistonda chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash choralari tasdiqlandi. Bu chora-tadbirlar to‘lovlarni uzaytirish va soliq imtiyozlarini o‘z ichiga oladi. Mazkur tartib Prezident qarorida belgilangan bo‘lib, Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa idoralarga 2026-yil iyuligacha yaylovlarni tiklash loyihasini amalga oshirishni boshlash topshirildi. Loyiha qiymati $63 mlnni tashkil etadi va u Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur doirasida yangi quduqlar qazish, o‘simliklar xilma-xilligini oshirish va dronlar yordamida urug‘ ekish ishlari olib boriladi.
Shuningdek, hujjatga muvofiq, keyingi uch yil ichida qoramollar sonini 445 ming boshga, qo‘y va echkilarni 1,7 mln boshga, parrandalarni esa 10,3 mln boshga yetkazish rejalashtirilgan. Baliq yetishtirish hajmi 54 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Zotli qo‘y, echki va qoramollarni import qilgan chorvachilik xo‘jaliklariga subsidiya ajratish muddati 2030-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi. Shu bilan birga, zotli kunlik jo‘jalar uchun yordam faqat mahalliy korxonalardan xarid qilinganda beriladi.
2026–2027-yillarda tirik qoramol va mayda shoxli hayvonlarni (TIF TN 0102 va 0104 kodlari bo‘yicha) import qiluvchilarga QQS to‘lovini 180 kungacha kechiktirish imkoniyati beriladi.
Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga oziqa ekinlari uchun yer uchastkalarini ijaraga olishda ham imtiyozlar taqdim etiladi. Ular onlayn-auksion orqali yer olishlari va ijara to‘lovini 5 yil davomida teng qismlarda to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
Oziqa ekinlari ekiladigan yerlar hamda paxta-g‘alla va chorvachilik xo‘jaliklari hududlarida yengil konstruksiyali inshootlar – ya’ni molxonalar, suv havzalari va ozuqa omborlarini 20 sotixgacha bo‘lgan maydonda qurishga ruxsat etiladi.
Biroq bu kabi inshootlar uchun xo‘jalik kamida 60 bosh qoramol yoki 100 bosh mayda shoxli hayvon saqlanishini ko‘zda tutuvchi loyiha taqdim etishi shart. Aks holda, qurilgan obyekt noqonuniy deb topiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ