Yashil iqlim jamg‘armasi barqaror suv ta’minoti uchun $250 mln ajratadi

Mablag‘lar O‘zbekiston ham qatori Osiyoning to‘qqizta mamlakatida suv resurslarini va qishloq xo‘jaligini himoya qilishga yo‘naltiriladi

Yashil iqlim jamg‘armasi barqaror suv ta’minoti uchun $250 mln ajratadi

Yashil iqlim jamg‘armasi (YIJ) 9 ta mamlakatda, jumladan O‘zbekistonda, suv tizimlari va qishloq xo‘jaligining barqarorligini qo‘llab-quvvatlash uchun $250 mlnlik moliyalashtirishni ma’qulladi. Bu haqda jamg‘arma o’z bayonotida ma’lum qildi.

YIJ “Muzliklardan fermalargacha” nomli tashabbus doirasida $250 mln ajratishni tasdiqladi. Ushbu moslashuv dasturini Osiyo taraqqiyot banki (OTB) amalga oshiradi. Dastur maqsadi — muzlik suvlari hisobiga yashaydigan Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokistondagi zaif jamiyatlar uchun suv ta’minoti tizimlari va agrosohaning barqarorligini ta’minlashdir.

YIJ mablag‘lari asosan grantlar shaklida ajratiladi. Ular keyingi 10 yil ichida OTB tomonidan kiritiladigan $3,25 mlrdlik qo‘shimcha sarmoya bilan birgalikda, ishtirokchi davlatlar tomonidan tanlangan loyihalarga yo‘naltiriladi. Ushbu loyihalar tezlashgan muzliklar erishi tufayli kuchayib borayotgan qurg‘oqchilik va suv toshqinlari sharoitida qishloq xo‘jaligi samaradorligini saqlab qolishga qaratilgan.

“Muzliklardan fermalargacha” loyihasida OTBning 9 ta rivojlanayotgan a’zosi — Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirok etmoqda. Bu davlatlar muzlik va qor suvlari bilan ta’minlanadigan daryolardan qishloq xo‘jaligi, ichimlik suvi va elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muzliklarning tez erishi bu ekotizim xizmatlari va iqtisodiy barqarorlikni xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu ayniqsa ish o‘rinlarining 25% i (to‘rt kishidan biri) qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan mamlakatlar uchun jiddiy muammo hisoblanadi.

Dastur muzliklardan suv oluvchi to‘rtta daryo havzasiga e’tibor qaratadi: Naryn va Pyanj (Markaziy Osiyo), Kura (Janubiy Kavkaz) hamda Svat (Pokiston). Umumiy qamrov maydoni 27 mln gektarni tashkil etadi.

Loyiha natijasida taxminan 13 mln kishi, jumladan fermerlar va tog‘li hududlardagi ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlar, bevosita foyda ko‘radi. Tashabbus doirasida iqlim va muzliklar holati bo‘yicha baholash ishlari olib boriladi, bu esa milliy rivojlanish rejalarini shakllantirishga asos bo‘ladi. Shuningdek, tabiiy ofatlar — muzlik ko‘llari toshqinlari yoki uzoq muddatli qurg‘oqchiliklar oqibatlarini kamaytirish uchun monitoring va erta ogohlantirish tizimlari takomillashtiriladi.

Loyiha, shuningdek, suv tanqisligi va yuqori haroratdan aziyat chekayotgan jamiyatlar uchun ijtimoiy himoya va tibbiy xizmatlarni moslashtirish dasturlariga, shuningdek, ayollar rahbarligidagi agrobizneslarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash qurilmalarini qurish uchun $1,45 mlrd  mablag‘ jalb etadi
/
O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash qurilmalarini qurish uchun $1,45 mlrd mablag‘ jalb etadi
Gazsiz uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha chegirmalar bu yil joriy qilinmaydi
/
Gazsiz uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha chegirmalar bu yil joriy qilinmaydi
Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya 3-noyabrdan boshlanadi
/
Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya 3-noyabrdan boshlanadi