O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $72,2 mlrdga yetdi — Markaziy bank

Bunda davlat tashqi qarzi 36,8 mlrd, korporativ tashqi qarz $35,4 mlrdni tashkil qilmoqda

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $72,2 mlrdga yetdi — Markaziy bank

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $72,2 mlrdni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

Umumiy tashqi qarz hajmi olti oyda $8,1 mlrga ko‘payib, $72,2 mlrdga yetdi. Shundan davlat tashqi qarzi $36,8 mlrd (birinchi chorakda — $35,8 mlrd), korporativ tashqi qarz $35,4 mlrdni ($32,6 mlrd) tashkil qildi.

Birinchi yarim yillikda tashqi qarz o‘sishi asosan korporativ tashqi qarzlar hisobiga ro‘y berdi. Xususan, yil boshidan beri davlat tashqi qarzi $2,9 mlrdga, korporativ tashqi qarzlar esa $5,2 mlrdga ko‘paydi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil davomida umumiy tashqi qarz $10,8 mlrdga oshgandi. Bu statistika yuritila boshlangan 2013-yildan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Joriy operatsiyalar hisobi

2025-yilning dastlabki olti oyida xalqaro savdo siyosatining keskinlashuvi va global noaniqliklar ortishiga qaramasdan, O‘zbekiston tashqi sektori an’anaviy eksport mahsulotlari jahon narxlarining o‘sishi, shuningdek tashqi mehnat migratsiyasi va turizm yo‘nalishlaridagi ijobiy tendensiyalar ta’sirida o‘zining muvozanat holatiga yaqinlashdi, deyiladi hisobotda.

Jumladan, joriy operatsiyalar hisobi $156,3 mln manfiy saldo bilan shakllandi. Bu savdo balansi taqchilligining sezilarli darajada qisqarishi hamda xorijdan O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining oshishi bilan izohlanadi.

Eksport hajmining importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi natijasida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20% ga qisqarib, $6,4 mlrdni tashkil qildi. Xususan, jami eksport hajmi 29% ga oshib, $16,6 mlrdni tashkil qilgan bo‘lsa, jami import hajmi 10% lik o‘sish bilan qariyb $23 mlrdga yetdi.

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalar hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda $850,9 mln va $5,4 mlrd) bilan shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Olti oyda mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2024-yilning mos davriga nisbatan 42% ga o‘sib, $1,6 mlrdga yetdi. Portfel investitsiyalarining sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga $3,1 mlrdni tashkil qildi. Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga hisobot davri yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi $895,9 mlnni tashkil etdi.

Yanvar-iyun oylarida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi $913,1 mlnga ko‘paydi. Shuningdek, oltin jahon narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan qariyb $7,4 mlrdga ortib, 1-iyul holatiga $48,5 mlrdni tashkil qildi.

To‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei joriy yil boshiga nisbatan 23% ga mustahkamlanib, 1-iyul holatiga $16,9 mlrdga yetdi.

Bunda, rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan $12,1 mlrdga (13 %) hamda tashqi majburiyatlari hajmi $8,9 mlrdga (11 %) ko‘paydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Pavel Durov Qozog‘istonda sun’iy intellekt laboratoriyasi ochishini e’lon qildi
/
Pavel Durov Qozog‘istonda sun’iy intellekt laboratoriyasi ochishini e’lon qildi
“Grand Mir Hotel” o‘rnida 30 qavatli bino qurilishiga ruxsat berilmagan — Prokuratura
/
“Grand Mir Hotel” o‘rnida 30 qavatli bino qurilishiga ruxsat berilmagan — Prokuratura
Ilon Mask dunyodagi birinchi yarim trillion egasiga aylandi
/
Ilon Mask dunyodagi birinchi yarim trillion egasiga aylandi