Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil etish taqiqlandi
“Toza havo” loyihasi doirasida ekologiyani yaxshilash va chiqindilarni kamaytirish choralari kuchaytiriladi
2026-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil etishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur qaror Prezident tomonidan tasdiqlangan “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida qabul qilingan bo‘lib, dastur 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan. Uning asosiy maqsadi atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar hajmini 10,5%ga qisqartirish hamda PM2,5 zarrachalari me’yordan oshadigan kunlar sonini kamaytirishdan iborat.
Hujjatga ko‘ra, atrof-muhitga yuqori ta’sir ko‘rsatadigan korxonalar avtomatik monitoring tizimlarini joriy etishi shart bo‘ladi. Shuningdek, ishlab chiqarish obyektlarida zamonaviy chang va gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi.
2026-yil iyun oyidan boshlab qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Endilikda qurilish maydonlari monitoring stansiyalari va onlayn kuzatuv kameralar bilan jihozlanadi hamda Ekologiya qo‘mitasi bazasiga ulanadi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda kompaniyalarning “Shaffof qurilish” reytingidagi ko‘rsatkichlari pasaytiriladi.
Shuningdek, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027-yil 1-martgacha uzaytirilib, uning vakolatlari kengaytirildi.
Qaror doirasida poytaxt hududida mavjud sanoat maydonlarini kengaytirish ham cheklanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ