O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi
Masalan, yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto va video qayd etish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan

Фото: Kapital.uz
Norma.uz portali tomonidan to‘plangan 2025-yil 1-iyundan kuchga kiradigan o‘zgarishlar to‘plami tayyorlandi.
Kambag‘al oilalar reyestridagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi
Kambag‘allar reyestriga kiritilgan oilalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar bilan bir xil ijtimoiy xizmatlar, yordam va imtiyozlardan foydalanadi.
Davlat xizmatlari uchun davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda sariq toifadagi oilalarga 50%, qizil toifadagi oilalarga esa 75% chegirma beriladi. Agar kambag‘al oila qizil yoki sariq toifadan yashil toifaga o‘tsa, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari yana 12 oyga saqlab qolinadi.
Qizil toifadagi oilalarda a’lo baholarga o‘qiyotgan talaba qizlarga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan maxsus stipendiya ajratiladi.
Ish beruvchi tadbirkorlar rag‘batlantiriladi
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Ushbu mablag‘lar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik qiluvchi xizmat haqini to‘lashga yo‘naltirilishi mumkin. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar ham hamrohlik qilishi mumkin.
Yana uchta davlat uchun vizasiz rejim joriy etilmoqda
Bahrayn Qirolligi, Quvayt Davlati va Ummon Sultonligi fuqarolari uchun chegarani kesib o‘tgan kundan e’tiboran 30 kun muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etiladi.
Yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto va video qayd etish qoidalari o‘zgartirildi
Yo‘l chiziqlari bilan belgilangan talablarga rioya etilmagan holatlarni foto va video tasvirga olish uchun har qanday maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy-texnik vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Shuningdek, dam olish kunlari va shoshilinch holatlardan tashqari, soat 07:00 dan 21:00 gacha yo‘llarni ta’mirlash va chiziqlar chizish taqiqlanadi.
Harbiy xizmatchilar uchun ipoteka krediti
10 yildan ortiq xizmat qilgan va ipoteka kreditlarini taqsimlashning belgilangan tartibi doirasida uy-joy olayotgan harbiy xizmatchilar uchun uy-joy sotib olish yoki qurish chog‘ida dastlabki badal miqdori hisoblangan qiymatning 35% igacha oshirildi. Ilgari u barcha toifalar uchun 25% ni tashkil etgan.
Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajani himoya qilgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy sotib olish uchun hududidan kelib chiqib, 10 yil muddatga BHMning 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.
Bundan tashqari, nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofoti miqdorlari 5 baravarga oshirildi.
Qurilishga qo‘yiladigan talablar kengaytirildi Bino va inshootlar loyihalarini ishlab chiqishda energiya tejovchi uskunalar, muqobil isitish tizimlari – gelio kollektorlar, issiqlik nasoslari, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlaydigan qurilmalar, masalan, quyosh panellari o‘rnatilishini nazarda tutish majburiy bo‘ladi. Barcha uskunalar binoning o‘z ehtiyojlari uchun ishlatilishi kerak.
MIZ rezidentlari uchun yangi qo‘llab-quvvatlash choralari
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari eksportga mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarni «tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimi bo‘yicha bojxona to‘lovlari to‘lanmagan holda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi. Faqat bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ