Avtobus va piyodalar yo‘laklarida harakatlanganlik uchun jarimalar joriy etiladi
Jarima summasi BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha belgilanishi taklif etildi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida avtobus yo‘laklarida harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transportidan foydalanish samaradorligining jiddiy pasayishi, qatnov muntazamligi va erkin harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Shahar avtomobil yo‘llarida jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar ajratilib, boshqa transport vositalarining harakati taqiqlangan bo‘lsa-da, ularning ushbu yo‘laklarda harakatlanish davom etmoqda. Qonunchilikda esa bunday huquqbuzarlik uchun haydovchilarga javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarishi kuzatilmoqda. Bu mazkur hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Asosiy omillardan biri sifatida noqonuniy sun’iy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlari keltirildi. Bu aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 128−7-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Bunda tasmali yo‘lakdan harakatlanish BHMning 1 (375 ming so‘m) baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa — BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda. Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ