“UzAuto Motors” yangilangan Cobaltning narxlarini e’lon qildi
Yangi modifikatsiyalar 3-noyabrdan boshlab barcha Chevrolet dillerlik markazlarida sotuvga chiqariladi

Фото: UzAuto Motors
“UzAuto Motors” Chevrolet Cobalt avtomobilining ikki yangi komplektatsiyasini — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalarini taqdim etdi. Yangi modifikatsiyalar 2025-yil 3-noyabrdan boshlab barcha Chevrolet dillerlik markazlarida sotuvga chiqariladi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, yangilanishlar doirasida avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponentlari modernizatsiya qilingan. Jumladan, yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatilib, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirilgan, ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqaruv bloklari yangilangan.
Har ikkala yangi versiyada haydovchi va yo‘lovchilar qulayligiga alohida e’tibor qaratilgan. Avtomobil kruiz-nazorat tizimi bilan jihozlanib, belgilangan tezlikni avtomatik ushlab turish imkonini beradi. Old o‘rindiqlarning isitish tizimi esa sovuq mavsumda foydalanish qulayligini oshiradi.
Yangi modifikatsiyalarda sensorli multimedia tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u Android Auto va Apple CarPlay tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, yangi asboblar paneli hamda ruldagi boshqaruv tugmalari haydovchi uchun yanada qulay boshqaruv imkoniyatini yaratadi.
Midnight MCM komplektatsiyasi interyer va eksteryer dizaynida farq qiladi. Salon ekocharm qoplamali, isitiladigan o‘rindiqlar bilan jihozlangan, ichki bezaklar va boshqaruv elementlari to‘liq qora rangda ishlab chiqilgan. Eksteryerda qoraytirilgan faralar, qora rangdagi yon oynalar va quyma g‘ildirakli disklar avtomobilga o‘ziga xos ko‘rinish beradi.
Tavsiya etilgan chakana narxlar:
- Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m
- Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m
Shu bilan birga, mavjud komplektatsiyalar avvalgi narxlarda taqdim etiladi:
- Style AT Plus — 147 916 000 so‘m
- Midnight AT — 155 231 000 so‘m
“UzAuto Motors” ning ta’kidlashicha, yangilangan Chevrolet Cobalt versiyalari qulaylik, xavfsizlik va texnologik yangiliklar jihatidan avvalgilardan sezilarli darajada ustun bo‘ladi.
“UzAuto Motors” 13-oktabr kuni Damas va Cobalt avtomobillari yangilangan versiyasi ishlab chiqarilishini e’lon qilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ