Markaziy bank Yangi Bankni tugatish jarayonini boshladi
Mablag‘larni qaytarish uchun mijozlar reyestri 8 ish kuni ichida shakllantiriladi
Yangi Bankda mijozlarga mablag‘larni qaytarishni tashkil etish maqsadida tugatish komissiyasi rasman ish boshladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda mutaxassislar bank omonatchilari va mijozlari bo‘yicha reyestrni shakllantirmoqda. Mazkur jarayonni 8 ish kuni ichida yakunlash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, ikki ish kuni davomida Omonatlarni kafolatlash agentligi o‘z rasmiy saytida kompensatsiya miqdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi hamda to‘lovlarni amalga oshiruvchi bank-agentni tanlaydi. Ushbu axborot taxminan 28-yanvar kuni ochiq e’lon qilinishi kutilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, banklardagi jismoniy va yuridik shaxslar mablag‘lari davlat tomonidan kafolatlanadi. “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan, Yangi Bank mijozlariga kompensatsiyalar belgilangan tartib va hajmlarda to‘lab beriladi. To‘lovlarni amalga oshirish Omonatlarni kafolatlash agentligi zimmasiga yuklatiladi.
Fuqarolar uchun mablag‘larni qaytarish masalalari bo‘yicha +998 55 550 05 00 raqamida ishonch telefoni ishga tushirilgan. Bank faoliyatining tugatilishi bilan bog‘liq umumiy savollar yuzasidan esa tugatish komissiyasining +998 78 777 88 87 raqamli koll-markaziga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, Agentlikning rasmiy Telegram-kanali orqali ham maslahatlar beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2026-yil 15-yanvar kuni Yangi Bank litsenziyasini ustav kapitali 182,9 mlrd so‘mgacha kamayib, qonunchilikda belgilangan minimal 500 mlrd so‘m talabiga javob bermagani sababli chaqirib olgan edi. 200 mln so‘mgacha bo‘lgan kafolatlangan omonatlar 32,1 ming nafar mijozga to‘liq qaytariladi. To‘lovlar 26-yanvardan boshlab bank-agent orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, qarz oluvchilar kreditlarni tugatish komissiyasi taqdim etadigan yangi rekvizitlar bo‘yicha belgilangan jadval asosida to‘lashda davom etishi shart.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ