Markaziy bank: Yangi bank yopilishiga investor topilmagani ham sabab bo‘lgan
Regulyator bankni sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi
Markaziy bank Yangi bank litsenziyasining bekor qilinishiga potensial investor topilmagani ham sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda regulyator raisi Timur Ishmetov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank bankni yopishdan avval uni sog‘lomlashtirish va faoliyatini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ko‘rib chiqqan.
Biz har qanday bankni yopishga juda ehtiyotkorlik bilan yondashamiz. Oxirgi chora sifatida litsenziya bekor qilinadi. Yangi bank bo‘yicha ham avvalo aksiyadorlarga kapitalni oshirish uchun vaqt berildi. Biroq belgilangan muddatda bu amalga oshmadi, — dedi rais.
Shuningdek, bankni boshqa investorlar ishtirokida sotish masalasi ham muhokama qilingani qayd etildi.
Bankni potensial investorlarga sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ammo xaridor topilmadi. Investor yo‘qligi sababli bankni saqlab qolishning iloji bo‘lmadi, — deya qo’shimcha qiladi Ishmetov.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, qaror bank aktivlari hali yetarli bo‘lgan paytda qabul qilingan. Bu mijozlar oldidagi majburiyatlarni to‘liq bajarish imkonini saqlab qolish uchun muhim bo‘lgan.
Hozirda bankda yetarli likvid mablag‘lar, kredit portfeli va boshqa aktivlar mavjud. Omonatlarni qaytarish bilan Omonatlarni kafolatlash agentligi shug‘ullanmoqda. 200 mln so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytarilishi rejalashtirilgan.
Qolgan majburiyatlar bo‘yicha esa likvidatsiya komissiyasi ish olib boradi. Markaziy bank barcha qarzlarni to‘liq qoplash maqsad qilinganini bildirdi.
Kontekst
Eslatib o’tamiz, regulyator 15-yanvar kuni “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib oldi. Qayd etilishicha, mazkur qaror bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talab darajasiga yetkazilmagani sabab bo’lgan. 2026-yil 1-yanvar holatiga “Yangi bank” AJning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Keyinchalik 19-yanvar kuni bankni rasman tugatish jarayonlari boshlandi. Tugatish komissiyasiga mazkur jarayonni 8 ish kuni ichida yakunlash belgilangan. 200 mln so‘mgacha bo‘lgan kafolatlangan omonatlar 32,1 ming nafar mijozga to‘liq qaytariladi.
Shuningdek, Yangi Bankning kafolatlanmagan mablag‘lari kreditlar va aktivlar hisobidan qaytariladi.
27-yanvar kuni esa Omonatlarni kafolatlash agentligi Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiya to‘lash uchun Biznesni rivojlantirish bankini (BRB) bank-agent sifatida belgilanganini ma’lum qildi. Qaytariladigan mablag‘lar omonatchilar reyestri asosida, majburiy identifikatsiyadan o‘tgandan so‘ng to‘lanadi. Agentlik to‘lov jarayonida hech qanday qo‘shimcha komissiya undirilmasligini ta’kidladi. Kompensatsiyalarni to‘lash 2026-yil 28-yanvar atrofida boshlanishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ