XVJ O‘zbekistonga oltin narxi oshishining budjet xarajatlariga ta’sirini cheklashni tavsiya qilmoqda
Davlat xarajatlarini tezkor oshirish inflyatsiya va ayirboshlash kursining barqarorligiga xavf solishi mumkin
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston hukumatiga qimmatlashayotgan oltin narxlari byudjetga va milliy valyuta kursiga ortiqcha bosim o‘tkazmasligi uchun davlat xarajatlarini ehtiyotkorlik bilan yuritishni tavsiya qildi. Bu haqda tashkilot missiyasining yakuniy bayonotida ma’lum qilindi.
2025-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,6 foizga o‘sdi. O‘sishning asosiy drayverlari — yirik investitsiyalar hajmi va aholining yuqori darajadagi iste’moli. Talabning o‘sishiga qaramay, inflyatsiya sekinlashdi: oktabr yakunida umumiy inflyatsiya 7,8%, bazaviy ko‘rsatkich esa 6,6% ni tashkil etdi.
Narxlar o‘sishining pasayishiga qat’iy pul-kredit siyosati, real almashinuv kursining mustahkamlanishi hamda o‘tgan yili energiya tariflarining oshirilishi ta’sirining susayishi yordam berdi. Bank sektorida chakana kreditlash 2025-yil sentabriga kelib 23% ga oshgan bo‘lsa, korporativ kreditlash nisbatan sekin sur’atda o‘smoqda.
Joriy hisob schyoti defitsiti yilning birinchi yarmida sezilarli kamaydi. Bunga oltin narxining yuqoriligi, boshqa tovarlar eksportining ko‘payishi va pul o‘tkazmalarining oshishi sabab bo‘ldi. O‘zbekistonning valyuta zaxiralari katta bo‘lib qolmoqda — ular 12 oylik importni qoplaydi.
XVJ ekspertlari iqtisodiyot 2025-yilda 7% ga, kelasi yilda esa 6% ga o‘sishini prognoz qilmoqda. 2027-yil oxiriga borib inflyatsiya Markaziy bankning 5%lik maqsadiga tushishi kutilmoqda. Biroq oltindan kelayotgan ortiqcha daromadlar va imtiyozli kredit dasturlarining kengayishi iqtisodiyotning “qizib ketishi” xavfini oshirishi mumkin. Tashqi xavf omillari sifatida global iqtisodiyotdagi noaniqlik, geosiyosiy vaziyat va xomashyo bozorlaridagi o‘zgaruvchanlik qayd etilgan.
Jamg‘arma mutaxassislari makro-moliyaviy barqarorlikni saqlash muhimligini ta’kidladi. Ularning fikricha, yuqori iqtisodiy faollik va qimmatbaho metall narxlaridan tushgan rejalashtirilmagan daromadlar hisobidan davlat xarajatlarini oshirmaslik lozim. Bu inflyatsion bosimni cheklaydi, milliy valyuta kursining ortiqcha mustahkamlanishini oldini oladi va xomashyo narxlari tushgan taqdirda zarur bo‘ladigan byudjet zaxiralarini yaratadi. Hukumat 2025–2026-yillarda konsolidatsiyalashgan byudjet defitsitini 3% darajasida ushlab turishni rejalashtirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ