Endilikda xorijiy marketpleys sotuvchilari ham O‘zbekistonda QQS to‘laydi
Yangi tartib elektron tijoratda teng raqobatni yaratish va transchegaraviy savdoni tartibga solishga qaratilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda marketpleyslar orqali mahsulot sotuvchi xorijiy kompaniyalar endilikda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida tan olinadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Yangi tartib Soliq kodeksi hamda elektron tijorat sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar doirasida joriy etilmoqda. Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning ta’kidlashicha, xorijiy kompaniyalar xizmat ko‘rsatish yoki mahsulot sotish joyi O‘zbekiston hisoblangan hollarda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ushbu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi davlat byudjeti tushumlaridagi yo‘qotishlarning oldini olish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish hamda mahalliy va xorijiy biznes subyektlari uchun teng raqobat sharoitini yaratishdan iborat.
Agar xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston bozorida rezidentlar, dilerlar yoki vakolatxonalar orqali faoliyat yuritsa, ular soliq agenti vazifasini bajarishi va tegishli huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Chet eldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo amalga oshirilganda esa soliq miqdori sotilgan mahsulotning amaldagi qiymati asosida hisoblanadi.
So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatda elektron tijorat bozori 20 barobarga o‘sib, $1,3 mlrdga yetgan. Hozir O‘zbekistonda 90 dan ortiq onlayn savdo platformasi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida mahalliy vakolatxona ochgan xalqaro kompaniyalar va 70 dan ortiq milliy platformalar mavjud.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy-yilda xalqaro kuryer xizmatlari orqali mamlakatga $167,5 mlnlik mahsulot import qilingan. Qariyb 400 ming fuqaro 3 mln dan ortiq buyurtma rasmiylashtirgan. Shundan ikki mingga yaqin xaridor umumiy qiymati $2 mln bo‘lgan xaridlarni amalga oshirgan.
Taqqoslash uchun, yirik xorijiy marketpleyslardan biri — Wildberries so‘nggi uch yil ichida davlat byudjetiga 51,2 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Shundan 42,8 mlrd so‘mi QQS hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tasdiqlangan qonun buyurtma agregatorlari va striming xizmatlariga oid yangi atamalarni ham joriy qiladi. Endilikda platforma operatorlari foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligini ta’minlashi, taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirishi hamda tranzaksiyalarda kiberxavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilishi shart bo‘ladi. Barcha moliyaviy hisob-kitoblar esa maxsus bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ