Toshkent Respublika fond birjasi aksiyadorlarining 2026-yil 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida xorijiy kompaniyalar qimmatli qog‘ozlari hamda chet el valyutasidagi obligatsiyalar muomalasi uchun maxsus savdo seksiyalarini tashkil etish tasdiqlandi.
Mazkur qaror investorlar uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan prezident farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida qabul qilingan. Yangi maydonchalarda xorijiy aktivlar va valyutaviy qarz instrumentlari joylashtirilishi hamda savdoga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, birja infratuzilmasini keng ko‘lamda modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Jumladan, rasmiy veb-saytning yangi versiyasi yaratiladi va savdo jarayonlari, kliring, brokerlik faoliyati hamda bozor nazoratini ta’minlovchi dasturiy majmua to‘liq yangilanadi. IT-yechimlar bo‘yicha yetkazib beruvchilarni aniqlash uchun texnik hujjatlar ishlab chiqilib, bozor takliflari o‘rganiladi.
Birja rahbariyati ushbu yangilanishlar kapital bozorining shaffofligi va samaradorligini oshirib, investorlar uchun jozibadorligini kuchaytirishini ta’kidlamoqda. 2025-yil dekabr oyida prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda bunday instrumentlar joriy etilishi kamida $1 mlrd miqdorida investitsiya oqimini ta’minlashi qayd etilgan edi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbari birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak avvalroq xorijiy aksiyalar savdosi va valyutaviy obligatsiyalar chiqarilishi dastlab “regulyator qumloq maydoni” (regulatory sandbox) doirasida sinov tariqasida amalga oshirilishini ma’lum qilgan. Ushbu tashabbuslar kapital bozori to‘g‘risidagi yangilangan qonunni tez fursatda qabul qilish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni to‘ldiradi.