E-auksionda “Xiva Lokomotiv” mehmonxona majmuasi 44,84 mlrd so‘mga sotildi

Onlayn savdolarda g‘olib bo‘lgan Oxus Tourism Group lotni boshlang‘ich narxdan 1,5 barobar qimmatga xarid qildi

E-auksionda “Xiva Lokomotiv” mehmonxona majmuasi 44,84 mlrd so‘mga sotildi

5-yanvar kuni E-auksion platformasida “Xiva Lokomotiv” mehmonxona majmuasi bo‘yicha onlayn savdolar yakunlandi. Savdolar 1 soat 16 daqiqa davom etdi va jami 10 ta stavka qayd etildi.

Savdolar yakuniga ko‘ra, g‘olib deb Oxus Tourism Group kompaniyasi topildi. U lot uchun 44,84 mlrd so‘m taklif qilib, boshlang‘ich narxdan 1,5 barobar yuqori narxni taqdim etdi.

Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Oxus Tourism Group 2025-yil dekabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, mehmonxonalar va joylashtirish obyektlarini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav fondi 15 mlrd so‘mni tashkil etadi va u to‘liq O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilari assotsiatsiyasiga tegishli.

“Xiva Lokomotiv” mehmonxonasi 2024-yil bahorida Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. 2024-yil sentabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mehmonxona bo‘yicha ochiq savdolar boshlanganini e’lon qilgan va maslahatchi sifatida RSM Uzbekistan tanlangan.

Maslahatchi tomonidan to‘rt nafar talabgardan arizalar qabul qilingan. 2025-yil yanvar oyida aktivni xususiylashtirish bo‘yicha arizalar muddati uzaytirilgan. Aprel oyi oxiriga kelib ehtimoliy xaridorlar soni beshtaga yetgan bo‘lsa-da, ularning takliflari taxminiy bahodan past bo‘lgan.

2025-yil iyun oyida Davlat xususiylashtirish komissiyasi qaroriga muvofiq, savdolarni E-auksion platformasida o‘tkazish belgilangan. Lotning boshlang‘ich narxi 49,825 mlrd so‘m etib belgilangan edi.

Mehmonxona Xiva shahrining sharqiy qismida, temiryo‘l vokzali yaqinida joylashgan. 0,74 gektar maydonda joylashgan ikki qavatli binoning umumiy maydoni 2 802 kv. mni tashkil etadi. Mehmonxonada 78 ta xona mavjud bo‘lib, ular 154 nafar mehmonni qabul qilishga mo‘ljallangan.

Mehmonxonani boshqaruvchi “Xiva Lokomotiv” MChJning ustav kapitali 105,4 mlrd so‘m bo‘lib, u to‘liq davlatga tegishli. Asosiy vositalarning balans qiymati 35,96 mlrd so‘m, eskirish darajasi esa 3,7% ni tashkil etadi.

Kompaniyaning 2024-yildagi sof foydasi 510,75 mln so‘m bo‘lgan. Mehmonxonaning boshqa kontragentlar oldidagi qarzdorligi 2,24 mlrd so‘m, unga bo‘lgan debitorlik qarzi esa 1,15 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank: 2025-yilda O‘zbekistonda 37 ta mikromoliya tashkiloti va bitta bank ish boshladi
/
Markaziy bank: 2025-yilda O‘zbekistonda 37 ta mikromoliya tashkiloti va bitta bank ish boshladi
Birjada propan narxi 8 kunda 15%ga oshdi
/
Birjada propan narxi 8 kunda 15%ga oshdi
O‘zbekistonda ayrim bojxona postlarida tajriba tariqasida ish tartibi o‘zgartiriladi
/
O‘zbekistonda ayrim bojxona postlarida tajriba tariqasida ish tartibi o‘zgartiriladi