Hukumat vakili O‘zbekiston yerlari Xitoy kompaniyalariga berilishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi

Ilzat Qosimovning tushuntirishicha, xorijiy investorlar yerni faqat ijaraga olishlari mumkin

Hukumat vakili O‘zbekiston yerlari Xitoy kompaniyalariga berilishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov O‘zbekiston yerlari Xitoy kompaniyalari tomonidan “egallab olayotgani” haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda Xitoy investitsiyalarining 62% qismi sanoatga, 11% qismi yoqilg‘i-energetika sohasiga, 4% ulushi qishloq xo‘jaligiga va qolgan qismi boshqa sohalarga yo‘naltirilgan. 

“Ko‘rinib turibdiki, investitsiyalarning asosiy ulushi qishloq xo‘jaligi yoki yer resurslariga emas, balki sanoatga to‘g‘ri keladi”, – deya ta’kidladi Qosimov.

Shuningdek, xorijiy kompaniyalar yerni mulk sifatida sotib ololmaydi, faqat ochiq auksion orqali 25 yilgacha ijaraga beriladi. 

Tekstil korxonalari misolida

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 7600 dan ortiq tekstil korxonasi mavjud bo‘lib, ulardan 57 tasi xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan, ya’ni xitoy kompaniyalari ulushi sezilarli emas.

Xitoy ishtirokidagi muvaffaqiyatli tekstil loyihalari misollari qoʻyidagicha:

  • Jinsheng Group – $115 mln sarmoya kiritib, LT Textile International klasterini tashkil qildi, 700 ish o‘rni;
  • Mulanhua Group – $33,2 mln investitsiya bilan Nanyang M&F va Bobur M&F korxonalarini tashkil qildi, 450 ish o‘rni;
  • Chang Liang Textiles – $5,5 mln investitsiyalar, 120 ish o‘rni;
  • Hebei Evershine Textile – $3,7 mln investitsiyalar, 100 ish o‘rni yaratildi.

Ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar misolida

Xitoy investitsiyalari Oʻzbekistonning texnologik rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun Jizzax viloyatidagi BYD avtomobil zavodini keltirish mumkin. Bu yerda 1500 ish o‘rni yaratilgan, ularning aksariyatini o‘zbek mutaxassislari egallagan. 2024-yilda 200 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Xitoyda BYD zavodlarida malaka oshirdi.

Energetika sohasida muqobil manbalarga investitsiyalar kiritilmoqda

Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energetikani faol rivojlantirmoqda:

  • 2,7 GVt quyosh elektr stansiyalari,
  • 752 MVt shamol elektr stansiyalari,
  • 169 MVt mikro GESlar,
  • 1,4 GVt energiya saqlash quvvatlari ishga tushirilmoqda.

Xitoy quyosh va shamol elektr uskunalari ishlab chiqarishda dunyo yetakchisi hisoblanadi. Oʻzbekistonda $9 mlrd qiymatidagi 20 dan ortiq energetika loyihalari xitoy kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda va ularda asosan mahalliy mutaxassislar ishlamoqda.

“Amalga oshirilayotgan loyihalarda asosiy ishchi kuchi — o‘zbekistonliklar. Barcha investitsiyalar milliy ustuvorliklar va mamlakat qonunchiligiga mos keladi”, – deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank bayram kunlari faoliyat olib boradigan bank ro‘yxatini e’lon qildi
/
Markaziy bank bayram kunlari faoliyat olib boradigan bank ro‘yxatini e’lon qildi
Rossiyaning “Medsi” kompaniyasi O‘zbekistonda klinika ochadi
/
Rossiyaning “Medsi” kompaniyasi O‘zbekistonda klinika ochadi
Avgust oyidan Mumbaydan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yiladi
/
Avgust oyidan Mumbaydan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yiladi