Xitoy kompaniyasi Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarishga $500 mln investitsiya kiritadi
Loyiha doirasida 3 mingta ish o‘rni yaratiladi va yiliga $50–$60 mln soliq tushumi ta’minlanadi
Xitoyning Huanrun Paper Company kompaniyasi Samarqand viloyatida yirik sanoat loyihasini amalga oshirish uchun $500 mln sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda kompaniya rahbariyati viloyat hokimi Adiz Boboyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Investorlar sanoat kartoni, qadoqlash va ofis qog‘ozi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi va buning uchun 50 gektardan ortiq yer maydoni talab etiladi.
Hozirda loyiha uchun “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining “Xishrau-2” massividagi hudud asosiy maydon sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu yer uchastkalari yaqin vaqt ichida auksion savdolariga chiqarilishi kutilmoqda.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, mazkur zavod Markaziy Osiyoda shu darajadagi yagona korxona bo‘ladi. Ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi natijasida qariyb 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yillik soliq tushumlari davlat byudjetiga $50–60 mlnni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev loyiha hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishini ta’kidladi. Shuningdek, u investorlarni mahalliy hokimiyat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma masalalarida yordam ko‘rsatish va loyihani doimiy kuzatib borishga va’da berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ