WGC: O‘zbekistonning oltin zaxiralari 390 tonnadan oshdi
So‘nggi 5 yilda mamlakat oltin rezervlarini 54,4 tonnaga ko‘paytirib, dunyoda 14-o‘ringa ko‘tarildi
Фото: Reuters
O‘zbekiston 2025-yil davomida 7,8 tonna oltin xarid qildi va bozordagi faol ishtirokchi maqomini saqlab qoldi. Bu haqda World Gold Council hisobotida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020–2025-yillar oralig‘ida mamlakat tomonidan jami 54,4 tonna oltin sotib olingan. Hozirgi kunda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarkibidagi oltin hajmi 390,3 tonnaga yetgan. Ushbu ko‘rsatkich bilan mamlakat jahon reytingida 14-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston oltin zaxiralari bo‘yicha Portugaliya (382,7 tonna) va Qozog‘istonni (341 tonna) ortda qoldirgan.
2025-yilda oltin xaridi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni Polsha egalladi — mamlakat Markaziy banki 102 tonna oltin sotib olgan. Ikkinchi o‘rinda 57 tonna bilan Qozog‘iston, uchinchi o‘rinda esa 53,4 tonna bilan Ozarbayjon qayd etildi. Kuchli beshlikka Braziliya va Turkiya ham kirdi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2025-yil boshida oltinning bir unsiyasi narxi qariyb $2,8 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil boshiga kelib $5 mingdan oshgan.
O‘tgan yilda oltinning asosiy sotuvchilari Singapur (26,4 tonna) va Rossiya (6,2 tonna) bo‘ldi. 2020-yildan buyon uzoq muddatli istiqbolda eng yirik xaridor Xitoy bo‘lib qolmoqda — ushbu mamlakat zaxiralarini 358 tonnaga oshirgan.
Jahon miqyosida eng katta oltin zaxirasiga ega davlat — AQSH bo‘lib, uning rezervi 8,1 ming tonnani tashkil etadi. Eng yirik besh davlat qatoriga, shuningdek, Germaniya, Italiya, Fransiya va Rossiya kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ