UzCardning sof foydasi 9 oyda 930 mlrd so‘mni tashkil etdi
Humo tizimi esa shu davr mobaynida 224 mlrd so‘m sof daromadga erishdi
 
								Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
UzCard va Humo 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyini katta foyda bilan yakunladi. Bu haqda kompaniyalarning Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) bo‘yicha tuzilgan va Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan auditi o‘tkazilmagan moliyaviy hisobotlarida ma’lum qilindi.
Hisobot davrida UzCardning sof foydasi 930 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 40,8% ga yuqori — o‘tgan yili kompaniya 660,5 mlrd so‘m foyda ko‘rgan edi. UzCard’ning tushumi 69,2% ga oshib, 1,5 trln so‘mdan oshdi. Kompaniyaning operatsion foydasi esa 1,0 trln so‘mga yetib, 59,1% o‘sish qayd etdi.
O‘z navbatida, Humoning sof foydasi 224 mlrd so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning yanvar–sentabr oylariga nisbatan 87,7% ga ko‘pdir. Humo daromadlari 71,4% ga oshib, 380,9 mlrd so‘mga yetdi. Faqat uchinchi chorakdagi foyda 99,7 mlrd so‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 109,9% o‘sishni anglatadi.
Har ikkala to‘lov tizimi yaqinda xususiylashtirish jarayonidan o‘tgan. 2022-yil oktabr oyida UzCarddagi besh davlat bankiga tegishli bo‘lgan 75% davlat ulushi to‘rtta hamkor-investorga 210 mlrd so‘m evaziga sotilgan. Ular ilgari kompaniya aksiyalarining 25% iga egalik qilgan edi. O‘sha paytda tizimning umumiy qiymati taxminan 280 mlrd so‘m ($25,2 mln) deb baholangan.
Keyinchalik, 2025-yil yanvar oyida, Humodagi 100% davlat ulushi Paynet kompaniyasiga sotildi. Tanlov g‘olibi aktiv uchun $65 mln taklif qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ
 
				 
															 
															