O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida Tax Free tizimi joriy etiladi
1-apreldan chet el fuqarolari xaridlar bo‘yicha QQSni naqd yoki bank kartasiga qaytarib olishi mumkin bo‘ladi
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab chet el fuqarolari tomonidan chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi subyektlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olganda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish tizimi (Tax Free tizimi) tajriba tariqasida joriy etilgandi.
2026-yil 1-apreldan respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan QQSni naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘ining belgilangan stavkasi miqdorining 85%i chet el fuqarosiga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarishga, 15%i Tax Free tizimi operatorining xizmatlariga yo‘naltiriladi.
QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Chet el fuqarolariga QQSni qaytarishda minimal xarid qiymati QQSni inobatga olgan holda 300 ming so‘m etib belgilanadi. Tax Free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.
Hujjatda qayd etilishicha, chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish, 2026–2027-yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirish maqsad qilingan.
Tax Free – xalqaro QQS qaytarish tizimi. Chet elda xaridlarni amalga oshirgan sayohatchilar tashrif buyurgan mamlakat fuqarolari emasligi sababli tovarlar va xizmatlar narxining ushbu qismini to‘lashlari shart emas. Shu sababli sayyohlar chet el safarlarida xarid qilgan tovarlar uchun QQSni qaytarib olishlari mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ