O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida logistika markazi quriladi
Yevroosiyo taraqqiyot banki yangi obyekt uchun texnik hujjatlar ishlab chiqilishini moliyalashtiradi
Фото: Yandex Maps
O‘zbekiston–Tojikiston chegarasidagi “Fotexobod” — “Oybek” o‘tkazish punkti bazasida zamonaviy transport-logistika markazini barpo etish ishlari boshlanadi. Bu haqda Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi xabar berdi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB), Tojikiston Transport vazirligi hamda Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish markazi o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi. Hujjatga ko‘ra, YTBning texnik ko‘mak jamg‘armasi kelajakdagi logistika markazi uchun texnik-iqtisodiy asos (TIA) tayyorlash va uning samaradorligini baholashni moliyalashtiradi.
Tojikiston transport vaziri o‘rinbosari Shoista Saidmurodzodaning ta’kidlashicha, bu mamlakat transport sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida amalga oshirilayotgan ilk loyiha hisoblanadi. Mazkur tashabbus 2028-yilgacha mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan.
YTBning Tojikiston bo‘yicha direktori Vladimir Yakunin TIA ishlab chiqilishi yirik loyiha uchun birinchi bosqich bo‘lishini qayd etdi. Hisob-kitoblar yakunlangach, bank qurilishni to‘liq moliyalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Kutilishicha, logistika markazining ishga tushirilishi savdo yo‘llari o‘tkazuvchanligini oshirib, mintaqaning xalqaro yuk tashishdagi rolini kuchaytiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ