O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo bitimini kuchga kiritishni jadallashtiradi
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Afg‘oniston yillik tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida preferensial savdo mexanizmini qisqa muddatlarda ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Khojayev LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.
U videokonferensiya orqali Nuriddin Azizi — Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy choralarni hamda afg‘on delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Jamshid Xo‘jayevning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yil ichida o‘zaro savdo hajmi 2,5 barobarga oshgan: 2021-yildagi $653 mlndan 2025-yilda $1,7 mlrdga yetgan. Hozirgi asosiy vazifa — ushbu ko‘rsatkichni $5 mlrdga yetkazishdan iborat.
Uchrashuv davomida hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo zallari va logistika markazlarini ochish orqali mahsulotlar ilgari surilishi uchun sharoit yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash, qurilish materiallari hamda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhokama etildi.
Tomonlar imtiyozli savdo shartlarini joriy etishni tezlashtirish va investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ramazon oyi yakunlangach, Kobul shahrida biznes-forum o‘tkazish va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash rejalashtirilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida Afg‘oniston O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari orasida oltinchi o‘rinni egallagan. Savdo hajmi yil davomida 47,4% ga oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ