UzAuto Motors va yirik davlat kompaniyalari xususiylashtirishga tayyorlanmoqda
Hukumat iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirib, yirik aktivlarni investorlar uchun ochadi
O‘zbekistonda UzAuto Motors, “Navoiyazot” hamda bir qator issiqlik elektr stansiyalaridagi davlat ulushlarini xususiy investorlar uchun sotuvga chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 % ni tashkil etadi, davlat ishtirokidagi korxonalar soni esa 1,6 mingtadan oshadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davlat aktivlarini sotishdan byudjetga 10 mlrd so‘mdan ortiq tushum kelib tushgan, yer sotishdan esa 6 mlrd so‘m daromad olingan. So‘nggi besh yilda byudjet tashkilotlari soni 60 % ga qisqargan.
Shu bilan birga, ayrim korxonalar hanuz zarar bilan ishlamoqda. 2024-yilda 451 ta kompaniya 14 mlrd so‘m zarar ko‘rgan bo‘lsa, 2025-yilda 362 ta korxona 4 mlrd so‘m zarar qayd etgan. Ushbu muammoni hal qilish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligida sun’iy intellekt asosida ishlovchi loyiha ofisi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Hozirgi bosqichda xususiylashtirish uchun yirik sanoat obyektlari, jumladan UzAuto Motors, “Navoiyazot” va issiqlik elektr stansiyalari tayyorlanmoqda. Jarayon tarmoqlar kesimida olib borilib, har bir sohaning raqobat muhiti va ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri tahlil qilinadi.
Bundan tashqari, davlat organlariga tegishli ko‘chmas mulklardan foydalanish samaradorligi ham oshiriladi. Bir xodimga to‘g‘ri keladigan maydon normasi 12–15 kvadrat metrgacha qisqartiriladi. Natijada 4,9 mln kvadrat metr maydon bo‘shab, ularni sotish yoki ijaraga berish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ