“UzAuto Motors” yangilangan Damas va Cobalt ishlab chiqaradi
Yangi modifikatsiyalar O‘zbekiston, Qozog‘istondagi Cobalt egalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan

“UzAuto Motors” 13-oktabr kuni Damas va Cobalt avtomobillari yangilangan versiyasi ishlab chiqarilishini e’lon qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, Damas miniveni yangi versiyasi o‘lchamlari kattalashgani, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imning oshgani, shuningdek haydovchi hamda yo‘lovchilar qulayligining sezilarli darajada yaxshilangani bilan farqlanadi.
Model Damas Move yo‘lovchi versiyasida va Damas Max yuk-yo‘lovchi versiyasida mavjud bo‘ladi. Yangi model ayni paytdagi joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.
Cobalt’ning yangilangan versiyasida ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlanishini ma’lum qildi. Modernizatsiya jarayonida avtomobilning dvigateli yangilangan, ABS tizimi takomillashtirilgan, shuningdek, dvigatel va uning tizimlarini boshqaruvchi yangi blok o‘rnatilgan.
Chevrolet Cobalt’ning hozirda mavjud komplektatsiyalariga qo‘shimcha ravishda ikkita yangi Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi. Ularning har biri kengaytirilgan opsiyalar to‘plami, zamonaviy texnologiyalar, yaxshilangan komfort va yuqori xavfsizlik darajasi bilan ajralib turadi.
Yangi modifikatsiyalar O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa eksport bozorlaridagi Cobalt egalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslanib ishlab chiqildi. O‘zbekiston va xorijdagi respondentlarning 90% dan ortig‘i avtomobilni zavod bosqichidanoq zamonaviy funksiyalar va kengaytirilgan komplektatsiyalar bilan ta’minlash zarurligini bildirgan. Natijada yangilangan Cobalt ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlandi. Jami 50 dan ortiq asosiy avtomobil komponentlari yangilandi.
Cobalt modelini rivojlantirishning keyingi bosqichi esa avtomobilning tashqi ko‘rinishini (feyslift) o‘zgartirish bo‘lib, “UzAuto Motors” mutaxassislari bu yo‘nalishda ishlarni boshlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ