“Uz-Koram” kompaniyasi $24 mlnga sotildi

Xaridor “Centrum Air” aviakompaniyasiga egalik qiluvchi kompaniya bo‘ldi

“Uz-Koram” kompaniyasi $24 mlnga sotildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) “Uz-Koram Kompani” kompaniyasini ommaviy savdolar orqali xususiylashtirish bo‘yicha auksion g‘olibini e’lon qildi.

Ushbu loyihada “Portfolio Investments” kompaniyasi maslahatchi sifatida ishtirok etdi. Savdo jarayonida Yevropa, G‘arbiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda MDH davlatlaridan besh nafar investor qiziqish bildirgan. Biroq belgilangan muddatda faqat ikki ishtirokchi Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) ni taqdim etdi. Eng yuqori taklifni bergan “Centrum Aviation FZCO” kompaniyasi $24 mln to‘lash sharti bilan auksion g‘olibi deb topildi.

Shartnomaga ko‘ra, xaridor “Uz-Koram Kompani” ning asosiy faoliyatini kamida 10 yil davomida saqlab qolishi, “General Motors” (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchilar bilan texnik xizmat ko‘rsatish shartnomalarini qat’iy bajarishi hamda “General Motors” uskunalari va texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha alyans shartlarini bajarishi shart.

Qayd etilishicha, xaridorning taklifi maslahatchi tomonidan belgilangan indikativ narx diapazonining yuqori chegarasiga mos keladi va kompaniyaning baholangan qiymatidan oshib ketgan.

Avvalroq, “Kapital.uz” “Uz-Koram Co.” xususiylashtirilishi haqida xabar bergan edi. Avgust oyida esa ko‘plab potensial investorlarning so‘rovlariga binoan arizalarni qabul qilish muddati uzaytirilgan.

“Centrum Aviation FZCO” “Centrum Holding” tarkibiga kiradi va yuk aviatsiyasi, aviatsiya brokerligi hamda havo kemalarini lizingga berish xizmatlari bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda “Centrum Air” brendi ostida faoliyat yuritadi.

“Uz-Koram Co.” 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, avtomobillar uchun old va orqa bamperlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 230 ming donadan oshadi. Ustav kapitali esa 10,3 mld so‘mni tashkil etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonliklar uchun “Work and Travel” doirasida ish taklif qilinmoqda
/
O‘zbekistonliklar uchun “Work and Travel” doirasida ish taklif qilinmoqda
O‘zbekistonda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etildi
/
O‘zbekistonda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etildi
Toshkentdagi yirik yer uchastkasi 10 daqiqada sotildi
/
Toshkentdagi yirik yer uchastkasi 10 daqiqada sotildi