Mamlakatda uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga byudjetdan 15,5 trln so‘m ajratiladi
Yil davomida umumiy hisobda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi
Prezident matbuot xizmati
Bugun, 23-yanvar kuni Prezident Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig’ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Kapital.uz” nashri 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiga va o‘zgartirishlarni bir joyga jamladi.
Xususan, uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga byudjetdan 15,5 trln so‘m ajratiladi. Banklar esa qo‘shimcha 10 trln so‘m, “Ipoteka kompaniyasi” 2,3 trln so‘m miqdorida mablag’ yo‘naltiradi.
Kamida 70 mingta xonadon uchun ipoteka krediti taqdim etilib, shundan 30 mingi uchun kreditni boshlang‘ich badal uchun byudjetdan subsidiya to‘lab, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.
Umumiy hisobda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi hisob-kitob qilingan. Bunga qo‘shimcha 15 ming xonadon Yangi Toshkentda barpo qilinadi va bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi.
Renovatsiya asosida bu yil 20 ming xonadon qurilishini tashkil qilish yuzasidan topshiriq berildi. 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan qilib quriladi.
Quyosh elektr stansiyalari bilan shartnoma tuzgan developerlarga bunday uylar uchun foyda solig‘i olinmaydi, kredit stavkasi 2% arzon qilib beriladi.
Hozirda qurilish hujjatlarini kelishish jarayoni 5 bosqichdan o‘tib, 2 oygacha vaqt talab qiladi. Yangi tartibga ko‘ra, qurilish “Shaffof qurilish” platformasi orqali onlayn kelishilib, jarayon soddalashtiriladi va nazorat asosiy idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi belgilandi.
Selektorda 2030-yilgacha kamida 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivini qurilishi va buning uchun 2025-yilda 1,2 trln so‘m ajratilishi haqidagi rejalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ