2025-yilda Toshkent uy-joy bozori rekord darajadagi faollikni ko‘rsatdi
Yil davomida 2,17 mln kvadrat metr uy-joy qurilib, bitimlar soni 85 mingdan oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joy bozori yuqori faollik va barqarorlashuv bosqichiga chiqdi. CMWP Uzbekistan tahliliga ko‘ra, yil davomida poytaxtda jami 2,17 mln kvadrat metr turar joy foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 16% (288 ming kv.m) ga ko‘pdir.
Yil yakunida ko‘chmas mulk bozorida 2019-yildan beri eng yuqori natija qayd etilib, 85 mingdan ortiq oldi-sotdi bitimlari amalga oshirildi. O‘sish asosan avval boshlangan loyihalarning yakunlanishi hisobiga ta’minlandi.
Qurilish hajmining 85% i iqtisodiy, komfort va komfort+ segmentlariga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishlarda 1,79 mln kv.m uy-joy foydalanishga topshirildi. Bozorda davlat sektori faolligining ortishi raqobatni kuchaytirdi.
Biznes va premium segmentlarda o‘zgarishlar
Biznes-klassda qurilish hajmi 327 ming kv.m ni tashkil etdi (2024-yilda 472 ming kv.m bo‘lgan). Premium segmentda esa 2025-yilda yangi obyektlar topshirilmadi, biroq 6 ta premium turar joy majmuasi qurilish bosqichida qolmoqda. Mutaxassislar bu holatni yirik, ko‘p bosqichli loyihalarga o‘tish bilan izohlamoqda.
Narxlar o‘sdi, ammo xaridor uchun yuk yengillashdi
Uy-joy narxlari barcha segmentlarda oshdi:
- iqtisod/komfort — +5%;
- biznes — +8%;
- premium — +9%.
Shu bilan birga, o‘rtacha chegirmalar 10% ga yetdi. Milliy valyutaning mustahkamlanishi fonida (dollar kursi 12 920 so‘mdan 12 021 so‘mga tushdi) uy-joyning real qiymati, ayniqsa mass-market segmentida, xaridorlar uchun nisbatan arzonlashdi.
Mutaxassislar prognozi
CMWP tahliliga ko‘ra, kelgusi uch yil ichida biznes va premium segmentlarda 1,7 mln kv.m yangi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Bozor yirik o‘yinchilar atrofida konsolidatsiyalanib, 2026-yildan joriy etilishi kutilayotgan eskrou va loyihaviy moliyalashtirish tizimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ