Vashingtonda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik kengashi ish boshladi
Unda kengash hamraislari — Saida Mirziyoyeva hamda Serjio Gor ishtirok etdi
Dushanba kuni Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi faoliyatini rasman ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash hamraislari — O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etdi.
Ushbu tuzilma O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali maydonga aylanishi shubhasiz. Bunga mamlakatlarimiz prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi mustahkam zamin yaratmoqda, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.
Kengashning tashkil etilishiga ikki davlat prezidentlari o‘rtasida qaror topgan yuksak darajadagi ishonch zamin yaratdi. Kengash hamraisi, elchi Serjio Gor ta’kidlaganidek, so‘nggi bir yil davomida AQSh Markaziy Osiyoda strategik sheriklikni mustahkamlash borasidagi qat’iy intilishlarini amalda tasdiqladi.
Serjio Gor X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu kengashning ishga tushirilishi “tijorat diplomatiyasi tufayli so‘nggi bir necha oy ichida sheriklikda erishilgan aql bovar qilmas yutuqlarning yuqori nuqtasi” ekanini ta’kidladi.
Prezident Tramp noyabr oyida Vashingtonda C5+1 (Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh muloqot formati — tahr.) yetakchilarini qabul qilganidan beri, O‘zbekiston Amerika kompaniyalari bilan yuzlab million dollarlik shartnomalar imzoladi, — deya qayd etdi u.
Fevral oyida Saida Mirziyoyeva Serjio Gor ishtirokida kengashning ilk yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ