O‘zbekistondagi Urganch-Xiva yo‘nalishida birinchi pulli avtomobil yo‘lini qurish boshlandi

Qiymati $120 mlnlik loyiha doirasida 35 km uzunlikdagi zamonaviy yo‘l, ko‘prik va tunnellar barpo etiladi

O‘zbekistondagi Urganch-Xiva yo‘nalishida birinchi pulli avtomobil yo‘lini qurish boshlandi

Kapital.uz yanvar oyida Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan 32 kilometr uzunlikda yangi pullik avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.

“O‘zbekiston 24” telekanali reportajida Urganch-Xiva yo‘nalishida O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘lini qurish ishlari boshlangani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, qiymati $120 mlnlik loyiha doirasida 35 km uzunlikdagi zamonaviy yo‘l, ko‘prik va tunnellardan iborat yirik infratuzilma barpo etiladi.

Loyiha mamlakatda yo‘l infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda. Yangi yo‘l asfalt-beton qoplama asosida, to‘rt tasmali shaklda quriladi. Uning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 20 mingdan ortiq transport vositasini tashkil etishi kutilmoqda.

Xorazm viloyati avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Niyozmetovning ma’lum qilishicha, loyiha beshta lotga bo‘lingan va bir nechta quruvchi tashkilotlar jalb etilgan. Qurilish jarayoni laboratoriyalar va xalqaro konsultantlar tomonidan nazorat qilinmoqda. Ishlarga mingdan ortiq texnika jalb etilgan.

Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi quriladi. Shuningdek, kommunikatsiya tarmoqlari va muhandislik inshootlari barpo etiladi. Qurilish ishlariga mingdan ortiq mutaxassis va yuzlab zamonaviy texnika jalb qilingan.

 

Foto: “O‘zbekiston 24” reportajidan kadr

Temelsu xalqaro konsalting kompaniyasi muhandisi Bulent Bayirning ta’kidlashicha, loyiha yuqori sifatda va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi uchun zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Yo‘lda transport oqimini boshqarish uchun sun’iy intellekt asosida ishlovchi raqamli qurilmalar o‘rnatiladi. Ular transport turi, vazni va harakat hajmini avtomatik aniqlaydi.

Yo‘lning ustki konstruksiyasi taxminan 87 sm qalinlikda bo‘ladi. Uning so‘nggi ikki qatlami beton bilan modifikatsiya qilingan maxsus mustahkam qatlamlardan iborat bo‘ladi. Urganch hududida iqlim sharoiti murakkab. Kecha-kunduz harorati o‘rtasidagi katta tafovut va yozning keskin issig‘i sababli biz bu sharoitlarga maksimal darajada bardosh bera oladigan yangi avlod sifatli materiallarni qo‘llashga harakat qilyapmiz, — dedi u.

“Yo‘l-loyiha byuro” MCHJ direktori G‘ulom Zohidovning aytishicha, yangi yo‘l foydalanishga topshirilgandan keyin Urganchdan Xivagacha yetib borish vaqti keskin qisqaradi: hozir bir soatgacha vaqt sarflanadigan masofani 17 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.

Avtomobil yo‘li to‘rt polosadan iborat bo‘lib, boshlanish, o‘rtasida va oxirida terminallar loyihalanyapti. Ikkita servis punktlarimiz zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda geotekstil materiallaridan foydalanyapti. Xorazm viloyatining o‘ziga xos yer osti sizot suvlari yaqinligini inobatga olgan holda avtomobil yo‘li bo‘ylab kollektorlar loyihalash inobatga olingan. Bunda oldingi loyihalardan farqli o‘laroq zamonaviy drenajlar qo‘yish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi, — dedi Zohidov.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, hayvonot va o‘simlik dunyosi hamda aholi xavfsizligi uchun maxsus o‘tish yo‘laklari va yo‘l o‘tkazgichlar loyihalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo bitimini kuchga kiritishni jadallashtiradi
/
O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo bitimini kuchga kiritishni jadallashtiradi
O‘zbekistonda yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15% li kredit ajratiladi
/
O‘zbekistonda yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15% li kredit ajratiladi
Markaziy bank uchta kompaniyani mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazdi
/
Markaziy bank uchta kompaniyani mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazdi