O‘zbekistonda un savdosidagi qoidabuzarliklar uchun 29 ta kompaniya birja savdolaridan chetlatildi
Davlat g‘allasidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yashirish holatlari aniqlangan
O‘zbekistonda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi un realizatsiyasi qoidalarini buzgan 29 ta kompaniyani birja savdolaridan chetlatdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, bug‘doy va un yuqori likvidli hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatiga kiradi va ular faqat birja orqali sotilishi shart. Davlat zaxirasidan xarid qilingan g‘alla asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar esa to‘liq hajmda savdoga chiqarilishi lozim.
O‘rganishlar natijasida ayrim ishlab chiqaruvchilar mahsulotni birjaga umuman chiqarmagani yoki belgilangan hajmda taklif qilmagani aniqlangan. Shu sababli 2026-yil 3-apreldan boshlab 29 ta korxona birja savdolarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.
Bundan tashqari, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha yana 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Ularga tegishli qarorlar va ko‘rsatmalar berilgan.
Qo‘mita davlat g‘allasidan foydalanuvchi korxonalar uchun mahsulotni birjaga chiqarish majburiy ekanini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishdagi nazorat ishlari davom etmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ