2027-yilgacha Malayziya va Indoneziyadan 100 ming nafar sayyoh jalb etiladi
Ularni jalb qilayotgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun $100 beriladi
“Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi orqali sayyohlar oqimi oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 9-yanvardagi qarorida [6-son] ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi “Huquqiy axborot” Telegram kanali.
Qaror bilan 2026−2027-yillarda Malayziya va Indoneziyadan “ziyorat turizmi” yo‘nalishida sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. 2026-yil yakunigacha Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi asosida sayyohlarni jalb qilayotgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun $100 miqdorida subsidiya ajratiladi.
2026-yil 15-yanvardan:
- Malayziya va Indoneziyada dastur bo‘yicha kuchaytirilgan targ‘ibot kampaniyasi amalga oshiriladi;
- turoperator (turagent)lar tomonidan Milliy turizm yagona platformasi orqali dastur bo‘yicha shakllantirilgan turistik dasturining onlayn sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturni amalga oshirish uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida o‘quv-amaliyot laboratoriyasi tashkil etiladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Malayziya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Turizm va mehmondo‘stlik” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Malayziyalik va indoneziyalik sayohatchilarning Ramazon hayiti va Qurbon hayiti bayramlarini O‘zbekistonda o‘tkazishi yuzasidan choralar ko‘riladi. Malayziya va Indoneziyada “Imom Buxoriy izidan” va “Ramazonni O‘zbekistonda o‘tkaz” tematik turizm targ‘iboti kampaniyalari tashkil etiladi. Malayziyaning musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan hududlarida ziyorat turizmi bo‘yicha alohida roadshoular tashkil etiladi.
“Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi doirasida Toshkent shahri va Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi obyektlarni o‘z ichiga olgan turizm mashrutlari ishlab chiqiladi.
Transport vazirligi TIV va Turizm qo‘mitasi bilan birgarlikda 2 hafta muddatda dastur uchun mahalliy yoki xorijoy aviakompaniyaning 10 ta aviabortini, shu jumladan ijaraga olish orqali jalb qilishni ta’minlaydi. Shuningdek, Kuala Lumpur-Samarqand-Kuala Lumpur va Kuala Lumpur-Buxoro-Jidda- Kuala Lumpur hamda Jakarta-Samarqand-Jidda-Jakarta va Jakarta-Buxoro-Jidda-Jakarta turistik marshrutlari bo‘ylab aviqatnovlarni raqobatdosh narxlarda ishlab chiqilishini hamda dasturda ishtirok etuvchi turkompaniyalarga taqdim etilishini ta’minlaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ