OKMKda yil oxirigacha uchinchi mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushiriladi
Shuningdek, 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini tezlashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda
Фото: пресс-служба президента
8-iyun kuni Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Joriy yil mart oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushirilgan edi. Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda barpo etilayotgan loyiha qiymati $2,7 mlrdni tashkil etadi. Fabrika to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng yiliga 60 mln tonna ma’danni qayta ishlash va 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda fabrikaning keyingi navbatlarini ishga tushirish, texnologik jarayonlarni barqaror yo‘lga qo‘yish va rejalashtirilgan quvvatlarga o‘z vaqtida chiqish ishlari haqida ma’lumot berildi.
Xususan, yanchish sexidagi sharli tegirmonlar, flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich to‘liq quvvatga chiqarish bo‘yicha aniq grafik belgilangan.
Joriy yil yakunigacha 3-mis boyitish fabrikasida rudani qayta ishlash hajmini yanada oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni to‘liq ishga tushirish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
3-MBF to‘liq ishga tushgach, kombinatda mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2,4 ming tonnadan 5 ming tonnaga oshishi ko‘zda tutilgan. Yangi texnologiyalar joriy qilinishi hisobiga energiya sarfi va tannarxni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish imkoni paydo bo‘lishi qayd etildi.
Taqdimotda 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda loyiha doirasida bazaviy injiniring hujjatlari tayyorlanmoqda, qurilish maydonida yer ishlari va geologik burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.
Loyihada 3-fabrika tajribasini inobatga olgan holda texnologik yechimlarni maqbullashtirish, energiya va suv resurslaridan tejamkor foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, xalqaro injiniring kompaniyalari bilan hamkorlikda gravitatsiya, flotatsiya, konsentratni quritish va qoldiqlarni quyultirish, texnologik zanjirlarini takomillashtirish, xorijiy moliya institutlaridan mablag‘ jalb qilish uchun loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash chora-tadbirlari belgilangan.
Mutasaddilarga 4-mis boyitish fabrikasi uchun zarur yer maydonlarini ajratish, qurilish maydonida tayyorgarlik ishlarini davom ettirish, bazaviy injiniring hujjatlarini belgilangan muddatda yakunlash va loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish rejasini aniqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ