Turkiya o‘zbekistonliklar uchun ishlash ruxsatnomalarini berish soddalashtirishi mumkin
Tomonlar, shuningdek, elektron vizalarni joriy etish va 2 ming nafargacha xodimni ishga olish masalalarini muhokama qildi
Anqarada O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat ruxsatnomalarini olish tartibini soddalashtirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi va Turkiya Ichki ishlar vazirligi vakillari o‘rtasidagi uchrashuv 27-oktabr kuni Anqarada bo‘lib o‘tdi. Turkiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mehmet Akto‘sh ikki mamlakat idoralari o‘rtasidagi yaqin aloqalarni ta’kidladi.
Turk tomoni O‘zbekistondan boshqa turdagi vizalar bilan kirgan fuqarolarga mamlakatdan chiqmasdan turib mehnat ruxsatnomasi berish imkoniyatini o‘rganish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun elektron mehnat vizalarini joriy etish va Turkiyada noqonuniy yashayotgan shaxslar to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini birgalikda ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va fuqarolarni vatanga qaytarishda hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolash imkoniyatini ham ko‘rib chiqishdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi potensial turk ish beruvchilari bilan ham muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda KSK Temizlik Turizm, Angora Ahşap Aluminyum, Law Ads Turizm kabi kompaniyalar hamda mehnat agentliklari vakillari ishtirok etdi.
Suhbat davomida qonuniy ishga joylashishni ta’minlash, noqonuniy migratsiyaning oldini olish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Ish beruvchilarga O‘zbekiston mehnat bozorining salohiyati va migratsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda ta’kidlanishicha, xususiy bandlik agentliklari qurilish, ishlab chiqarish, maishiy xizmat, servis va turizm sohalarida 2000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga ega. Ayniqsa, Antaliyadagi ishga joylashtirish byurolari 500–1000 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni mavsumiy ishlar uchun mehmonxonalar tarmog‘iga jalb etish imkoniyatini bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ