“Reformatics” kompaniyasi O‘zbekistonda turizmni 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi
Strategiya xorijiy turistlar sonini 20 mlnga, ichki turizm hajmini 30 mln kishiga yetkazishni nazarda tutadi
Фото: Агентство стратегических реформ
“Reformatics” kompaniyasining O‘zbekiston turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ekspert yordamini nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnoma imzolandi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi ma’lum qilmoqda.
29-yanvar kuni Toshkent shahrida “Reformatics” xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiev hamda “Reformatics” bosh hamkori Niko Gilauri va kompaniyaning boshqa vakillari ishtirok etdi.
“Reformatics” ekspertlari O‘zbekistonning dunyoning yetakchi turizm yo‘nalishlaridan biriga aylanishi uchun noyob imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidlagan. O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, ya’ni 2000 km radiusda 21 davlat joylashgani, mintaqaviy va xalqaro turizmni jadal rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi.
Shartnomaga ko‘ra, strategiyaning asosiy vazifalari va maqsadli yo‘nalishlari sifatida xorijiy turistlar sonini 20 mlnga, ichki turizm hajmini 30 mln kishiga yetkazish hamda turizmning mamlakat YaIMdagi ulushini 7% gacha oshirish belgilangan.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun turistik oqimlarni tahlil qilish, auditoriyani segmentatsiya qilgan holda global marketing strategiyasini ishga tushirish, istiqbolli turizm yo‘nalishlari va marshrutlarini ishlab chiqish kabi kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, asosiy turistik hududlarda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha investitsiya paketlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, hamkorlik doirasida Toshkent shahrida “Reformatics” kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ