“Toshkent” respublika fond birjasining daromadi 2025-yilda 43,1%ga oshdi
Birjada aksiyalar savdosi hajmi 8,07 trln so‘mga yetdi, bozor kapitallashuvi esa 284,6 trln so‘mni tashkil etdi
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent Respublika fond birjasining sof tushumi 10,1%ga kamayib, 30,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, birjaning sof foydasi 43,1%ga oshib, 17,6 mlrd so‘mga yetdi.
Hisobotga ko‘ra, foizli daromadlar yil davomida sezilarli o‘sdi — 2024-yildagi 3,7 mlrd so‘mdan 2025-yilda 9,5 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi.
2025-yilda birjada aksiyalar bo‘yicha umumiy savdo hajmi 8,078 trln so‘mni tashkil etdi. Tuzilgan bitimlar soni esa 362 420 taga yetdi.
Asosiy savdo maydonchasi hisoblangan “Main Board”da 362 308 ta bitim tuzilib, ularning umumiy hajmi 175 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 33%ga yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, “Main Board” maydonchasida savdoga qo‘yilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha Top-10 emitentlarning umumiy savdo hajmi 155,4 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu esa aksiyalar bozori bo‘yicha mazkur maydonchadagi umumiy savdo hajmining 89%iga teng.
Yil yakunida birja kotirovka ro‘yxatiga kiritilgan aksiyalarning bozor kapitallashuvi 17,4%ga oshib, 284,63 trln so‘mga (taxminan $23,67 mlrd) yetdi. Erkin muomaladagi aksiyalarning (free-float) bozor kapitallashuvi esa 4,04 trln so‘m yoki $339,7 mlnni tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ