Transport vazirligi: viloyatdan kelgan taksichilar poytaxtda ishlash uchun ham litsenziya olishlari kerak
Viloyatlararo litsenziyaga ega taksichilar Toshkentda kira qila olmaydi

Foto: AOKA
Toshkentda yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishda haydovchilarning faqat o‘z hududi va unga tutash hududlarda xizmat ko‘rsatishi belgilangani bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgandi. Holat yuzasidan Transport vaziri Ilhom Mahkamov izoh berdi, deya xabar bermoqda “Daryo” nashri.
Uning aytishicha, endilikda viloyatdan kelgan taksichilar Toshkentda kirakashlik qila oladi. Vazirga ko‘ra, buning uchun ular litsenziya olishi kerak, faoliyat manzili sifatida esa Toshkentni ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Viloyatlararo litsenziyaga ega taksichilar Toshkentda taksi qila olmaydi. Litsenziya faqat bitta hududga beriladi.
Ular bir vaqtning o‘zida ham viloyatda, ham poytaxtda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi.
Barchasi nimadan boshlangan edi?
Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov mazkur holat haqida maʼlumot berar ekan, “2025-yilda chiqqan qarorga ko‘ra, haydovchining o‘z hududida, yaʼni litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qo‘yilgan”, degandi.
Xalq demokratik partiyasi bu cheklovlarni Konstitutsiyaga zid deb baholab, Transport vaziridan rasmiy tushuntirish so‘rab so‘rov yuborgandi. Partiya ta’kidlashicha, taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida qonuniy faoliyat yuritmoqda, soliq to‘laydi va litsenziya olgan. Hududiy cheklov esa ularning mehnat erkinligini buzadi, noqonuniy faoliyatga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, “Yandex Uzbekistan” kompaniyasining davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sardor Qodirovning ma’lum qilishicha, ushbu tartib natijasida faqat Toshkent shahrining o‘zida 23 ming nafar haydovchi ishsiz qolishi mumkin.
Shuningdek, yangi tartib tirbandlikni ham kamaytirmasligini aytgan.
Toshkent ko‘chalarida bir vaqtda 900 mingga yaqin mashina, ularning atigi 12–30 ming tasi – taksi, 2 ming tasi — avtobus. Taksi — shaxsiy avtomobilga nisbatan 3 barobar samaraliroq transport. Uni kamaytirish tirbandlikni emas, yolg‘iz yuradigan mashinalar sonini oshiradi, — deya qo‘shimga qilgan Sardor Qodirov.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ