O‘zbekistonda 86 turdagi tovarga eksport bojxona bojlari joriy qilindi
Tartib 1-iyuldan boshlab amal qila boshlaydi

O‘zbekistonda 86 turdagi tovarga eksport bojxona bojlari joriy qilindi, deb xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 14-mart kuni prezidentning “Mahsulotlar eksporti tartib-taomillarini takomillashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish hisoblanadi. Farmon bilan 2025-yil 1-iyuldan boshlab 86 turdagi quyidagi tovarlarga eksport bojxona bojlari joriy etildi va ularning stavkalari tasdiqlandi:
- Charm xomashyosi va yarim tayyor charm mahsuloti, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj mato tovarlariga (amalda mazkur tovarlarni eksport qilish uchun uyushmalarning yig‘imlari belgilangan bo‘lib, endilikda ular bekor qilindi.)
- Go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, don, guruch, mineral o‘g‘itlar, charm xomashyosi, PET chiqindilar, rangli metall lom va chiqindilariga (amalda ushbu tovarlarga prezident yoki hukumat qarorlari asosida ruxsat berilgan holda eksport qilish mumkin edi. Endi ushbu talablar bekor qilindi).
- O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash sanoatini qo‘llab quvvatlash maqsadida respublikada ishlab chiqariladigan strategik xomashyo mahsulotlariga (tabiiy gaz, paxta tolasi, paxta linti, mineral o‘g‘itlar, poliyetilen, polipropilen, polisterol, poliyetilentereftalat, PVX, mis xomashyosi).
Mazkur farmon:
- eksport tartib-taomillarini yanada takomillashtirish,
- mahalliy xom ashyo asosida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish,
- qayta ishlash sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ