Toshkentda yo‘l to‘siqlari o‘rnatilishi vaqtinchalik tajriba sifatida baholandi
Yakuniy qaror qabul qilishdan oldin so‘nggi 5–10 yildagi YTH statistikasi tahlil qilinmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Toshkent shahrida yo‘l qatnov qismiga maxsus to‘siqlar o‘rnatish ishlari sinov tartibida amalga oshirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTM) mutaxassislari har bir yo‘l uchastkasi va chorrahani alohida tahlil qilmoqda. Baholash jarayonida so‘nggi 5–10 yil davomida piyodalar ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari statistikasi inobatga olinadi. Ushbu ma’lumotlar asosida shaharning aniq nuqtalarida to‘siqlar o‘rnatish maqsadga muvofiqligi yuzasidan qaror qabul qilinadi.
YHTM bo‘limi boshlig‘i Ollo‘yor Norbotayevning ta’kidlashicha, to‘siqlar o‘rnatish infratuzilmani kompleks yangilashning bir qismi hisoblanadi. Jarayon doirasida svetoforlarni modernizatsiya qilish, yo‘l belgilarini yangilash, yangi trotuarlar va piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning aytishicha, mazkur tashabbus yo‘llarda o‘lim bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani sababli ilgari surilgan. Hozirda xorijiy tajribalar o‘rganilmoqda, unda piyodalar xavfsizligiga ustuvorlik beriladi. Asosiy usullardan biri — muhandislik yechimlari orqali transport vositalari tezligini majburiy kamaytirish.
Shuningdek, shaharda intellektual transport boshqaruv tizimi joriy etilmoqda. Ayni paytda tizimga 125 ta chorraha ulangan bo‘lsa, 2026-yilgacha yana 545 ta obyektni qamrab olish rejalashtirilgan.
Tirbandliklarni kamaytirish maqsadida iqtisodiy choralar ham ko‘rib chiqilmoqda. Ma’lum qilinishicha, shaxsiy avtomobilda harakatlanish nisbatan arzon bo‘lgani sababli mashinalar soni ortib bormoqda. Shu bois avtoturargohlar narxini oshirish va bir vaqtning o‘zida jamoat transportini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Bekatlar yaqinidagi savdo shoxobchalari buzilgan tadbirkorlarga esa yangi tashkil etilayotgan turistik ko‘chalardan joy ajratish taklif etiladi. Bu borada barcha tuman hokimliklariga tegishli topshiriqlar berilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ