Toshkent ko‘chalari “binodan binogacha” yagona dizayn-kod asosida ta’mirlanadi
Yangi standartlarda piyoda va velosipedchilar xavfsizligiga ustuvor ahamiyat beriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Toshkentda ko‘cha-yo‘l tarmoqlarini yangi obodonlashtirish standartlari va yagona dizayn-kod asosida kapital ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
Taqdimot vaqtida ta’kidlanishicha, hozirgi standart bo‘yicha yo‘llarni qurish va ta’mirlash qatnov qismining “qizil chizig‘i”gacha bajarilayotgan bo‘lsa, rivojlangan shaharlar tajribasida bu ko‘chaning ikki tarafidagi binodan binogacha tamoyilida amalga oshiriladi — shunda oraliqda qarovsiz joy qolmay, yo‘l bo‘yi yaxlit va mutanosib obodonlashtiriladi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, avvallari shahar aholisi yagona standartlar yo‘qligidan haqli ravishda shikoyat qilgan:
Bu standartlar yo‘qligi uchun, har qanday qurilish tashkiloti o‘zicha qilganligi uchun. Hozir bu narsalar yo‘q bo‘lgandan keyin tizimli ish ketadi. Endi bular hammasi parallel ravishda sekin-sekin-sekin to‘g‘rilanib, bu kamchilik va muammolar bartaraf etib ketiladi, — dedi u.
“Yangi Toshkent” shahri qurilish direksiyasi direktori, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov obodonlashtirish bo‘yicha yangi standartlar xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgani va nafaqat Toshkentda, balki Yangi Toshkentda ham qo‘llanishini qo‘shimcha qildi:
Toshkent va Yangi Toshkent shaharlarini obodonlashtirish, yo‘l infratuzilmasi, piyodalar va velosiped yo‘llarining yangi standartlarini ishlab chiqish taqdimot qilindi. Bu standartlar Britaniya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, AQSh va Yevropada keng qo‘llanadigan AASHTO va NACTO xalqaro standartlari asosida moslashtirilgan.
Uning ta’kidlashicha, yangi yondashuvlar zamonaviy global tendensiyalarni hisobga olgan holda, piyodalar va velosipedchilarning xavfsizligi va qulayligini birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ