Toshkentda $16,2 mlrdlik qurilish dasturlari tasdiqlandi

Poytaxtda nuqtaviy qurilishdan voz kechilib, yashil hududlar ulushi kamida 30% etib belgilanadi

Toshkentda $16,2 mlrdlik qurilish dasturlari tasdiqlandi

Toshkent shahrida umumiy qiymati $16,2 mlrd bo‘lgan yirik qurilish dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinib, Lex.uz portalida e’lon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar tomonidan kiritilgan investitsiya takliflarining umumiy qiymati $16,2 mlrddan oshadi. Loyihalar 2,3 ming gektar yer maydonini qamrab oladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tashabbuslar natijasida yalpi hududiy mahsulot har yili $1,5 mlrdga oshishi, budjetga esa 3,5 trln so‘m soliq tushumlari kelib tushishi kutilmoqda. Rejalar amalga oshirilishi 260 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Loyihalar asosan eskirgan va avariya holatidagi obyektlar joylashgan hududlarni renovatsiya qilishga qaratilgan. Poytaxtda maydoni 1 gektardan kam bo‘lgan uchastkalarda nuqtaviy va zich qurilish amaliyotidan voz kechiladi. Yangi obyektlar barpo etishda quruvchilar hududning kamida 30% ini yashil maydonlarga ajratishi shart etib belgilandi.

Shuningdek, infratuzilma yig‘imlari hisobidan shaharning 9 tumanida umumiy maydoni 139,6 gektarni tashkil etuvchi jamoat bog‘lari barpo etiladi. Mazkur hududlarga muhofaza zonasi maqomi beriladi.

Har bir hudud bo‘yicha master-rejalar ikki oy muddatda ishlab chiqilishi lozim. Muhandislik tarmoqlari va transport tizimiga tushadigan yuklamani nazorat qilish maqsadida infratuzilma to‘lovlariga 1,1 dan 3,0 gacha maxsus koeffitsiyentlar joriy etiladi. Ularning miqdori aholi zichligi hamda loyiha doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish ulushiga bog‘liq bo‘ladi.

Loyihalash va qurilish jarayonida xalqaro texnik me’yorlarni qo‘llashga ruxsat beriladi, biroq ular milliy seysmik barqarorlik va yong‘in xavfsizligi standartlariga moslashtirilishi shart. Yangi korxonalar va binolar uchun energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda tabiiy gazdan to‘liq voz kechib, muqobil energiya manbalariga o‘tish majburiy talab sifatida belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda raqamli aktivlar bozori uchun litsenziya berish tartibi kuchaytirildi
/
O‘zbekistonda raqamli aktivlar bozori uchun litsenziya berish tartibi kuchaytirildi
Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida eksportchilar uchun favqulodda yordam mexanizmi ishga tushirildi
/
Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida eksportchilar uchun favqulodda yordam mexanizmi ishga tushirildi
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari uchun milliy reyting joriy etildi
/
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari uchun milliy reyting joriy etildi