Toshkentdagi ayrim issiqxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i 10 baravarga oshirilishi mumkin
Qonun loyihasiga ko‘ra, oshirilgan stavkalar ko‘mir va mazutdan foydalanadigan issiqxonalarga tatbiq etiladi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida faoliyat yuritayotgan issiqxonalarga yer hamda mol-mulk solig‘ining oshirilgan stavkalari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, takliflar 31-iyulgacha qabul qilinadi.
Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalar egallagan yer uchastkalari uchun yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlariga belgilangan stavkaning 10 baravari miqdorida undiriladi. Bunday issiqxonalarga amaldagi soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi.
Shu bilan birga, isitish qozonxonalari demontaj qilingan yoki elektr energiyasi bilan isitiladigan issiqxonalar oshirilgan yer va mol-mulk solig‘i stavkalaridan ozod etiladi. Bu toifadagi issiqxonalar haqidagi ma’lumotlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ tomonidan taqdim etiladi.
Qonun loyihasi mualliflari ushbu o‘zgarishlar issiqxona xo‘jaliklarining Toshkent shahri va viloyatidagi ekologik holatga salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, issiqxonalarda ekologik xavfsiz va energiya tejamkor isitish texnologiyalaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilganini qayd etmoqda.
Mazkur tashabbus Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan. Ushbu qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab Toshkent shahri hamda Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli boshqa yoqilg‘ilardan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish taqiqlangan.
Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarini janubiy hududlarga ko‘chirish maqsadida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektarlik agropark tashkil etiladi. Hududning iqlimi yumshoq va quyoshli bo‘lgani sababli isitish xarajatlari sezilarli kamayishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ