Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshiriladi
Aholi uchun narxni 15% ga, yuridik shaxslar uchun 40% ga, budjet tashkilotlari uchun 18,8% ga oshirish rejalashtirilgan
Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti narxlari oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi taklifiga asosan xalq deputatlari poytaxt kengashining 22-avgustdagi qarorida qayd etilgan.
Yangi narxlarga ko‘ra:
- aholi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti 15% ga qimmatlashib, QQSsiz 121,6 ming so‘mdan 139,8 ming so‘m/Gkalga oshadi. Oxirgi marta tariflar 2024-yil 15-noyabrda ko‘tarilgan edi;
- yuridik shaxslar uchun narx 40% ga oshib, 244,4 ming so‘mdan 342,2 ming so‘m/Gkalni tashkil etadi.
- bazaviy tarif 7% ga ko‘tarilib, 664,4 ming so‘mdan 711,6 ming so‘m/Gkalga yetadi;
- budjet tashkilotlari uchun esa 18,8% ga qimmatlashib, 801,9 ming so‘mdan 952,7 ming so‘m/Gkal bo‘ladi.
Yangi tariflarning kuchga kirish sanasi aniq belgilanmagan. Biroq Veolia Energy Tashkent ularni 2025-yil 1-oktabrdan joriy etishni taklif qilgan. Qarorni tasdiqlash shahar hokimi Shavkat Umurzoqov imzosidan keyin, hujjat e’lon qilinganidan 15 kun o‘tib amalga oshadi.
Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayevaning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt aholisi bazaviy tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiyalar shaklida qoplanadi. Hukumat 2030-yilgacha issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ