Toshkent Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz shahar deb topildi
Reytingdan mintaqaning yana ikki shahri — Ostona va Olmaota ham o‘rin olgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Numbeo portali 2025-yil yakunlari bo‘yicha dunyodagi eng xavfsiz shaharlar reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Toshkent Markaziy Osiyo shaharlari orasida eng yuqori o‘rinni egalladi va jahon reytingida 51-pog‘onadan joy oldi.
Reytingdan mintaqaning yana ikki shahri — Ostona (81-o‘rin) va Olmaota (195-o‘rin) ham o‘rin olgan. Shuningdek, Top-100 ro‘yxatiga MDH davlatlarining to‘qqizta shahri kiritilgan bo‘lib, Rossiya eng ko‘p vakillikka ega mamlakat sifatida qayd etildi. Xususan, Nijniy Novgorod (56-o‘rin), Qozon (72-o‘rin), Kaliningrad (78-o‘rin) va Moskva (99-o‘rin) xavfsiz shaharlar qatoriga kirdi.
Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, reyting jinoyatchilik darajasi bilan bir qatorda politsiya xizmatlarining samaradorligi, jamoat xavfsizligi va shahar infratuzilmasi sifati kabi omillar asosida shakllantirilgan. Ushbu mezonlar shaharlarning real yashash muhiti va umumiy xavfsizlik darajasini kompleks baholash imkonini beradi.
2025-yil reytingida dunyoning eng xavfsiz 10 shahri qatoridan Abu Dabi, Doha, Dubay, Taypey, Sharja, Manama, Muskat, Gaaga, Myunxen va Trondxaym joy oldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ