Toshkent shahri ko‘chalari jami $198 mlnga qayta rekonstruksiya qilinadi
Birinchi bosqichda to‘rtta ko‘cha $50 mln evaziga yangilanib, avtobuslar yo‘lning o‘rtasidan tezkor harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar quriladi

Toshkent shahar hokimligi
Axborot maydonida Shota Rustaveli ko‘chasini qayta qurish loyihasi ko‘rsatkichlarining noto‘g‘ri talqinini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar paydo bo‘lishi munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi tushuntirish berdi.
Ta’kidlanishicha, ba’zi manbalarda keltirilgan $198 mln miqdoridagi summa faqat bitta ko‘chani qayta qurish loyihasiga tegishli emas. Gap transport tarmog‘i va unga tutash hududlarni (piyodalar yo‘laklari, velosipedchilar yo‘laklari, sug‘orish, yoritish, drenaj tizimlari va boshqalar) modernizatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli infratuzilmaviy tadbirlarni o‘z ichiga olgan doiraviy kelishuv haqida bormoqda. Ushbu hujjat dastlabki xarakterga ega — aniq shartlar, hajmlar, muddatlar va smeta hisob-kitoblari alohida loyiha bloklarini tayyorlash jarayonida aniqlanadi.
Mazkur kelishuv doirasida o’rtacha $50 mlnga teng bo‘lgan ishlarning birinchi bosqichi Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks qayta qurish, shuningdek, Amir Temur xiyoboni, Shahrisabz ko‘chasi va Olmazor tumanida joylashgan boshqa muhim uchastkalarni yangilashni o‘z ichiga oladi.
E’slatib o’tamiz, 20-may kuni Toshkent shahar hokimiyatida Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish, ko‘cha o‘rtasida tezyurar avtobus yo‘lagi (BRT) tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda hokimiyat, “Toshkent invest” kompaniyasi va bosh pudratchi China State Construction Engineering korporatsiyasi mas’ullari ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, poytaxt ko‘chalaridagi yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash loyihasi jami $300 mlnga baholangan bo‘lib, bu borada China State Construction Engineering bilan shartnoma tuzilgan.
Shartnoma doirasida Shota Rustavelidan tashqari, yana 3 ta: Yangi Sergeli, Shahrisabz va Amir Temur ko‘chalarida BRT (bus rapid transit), ya’ni avtobuslar yo‘lning o‘rtasidan tezkor harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar quriladi. Buning uchun $50 mln sarflanadi.
Bu 4 ta ko‘cha uzluksiz transport arteriyasini hosil qiladi: Sergeli tumanining aholi eng zich joylashgan nuqtalaridan boshlanib, Yunusobod tumani markazigacha davom etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ