Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshiriladi
Tariflar aholi uchun narx 15% ga, yuridik shaxslar uchun 40% ga ko‘tariladi
Toshkent shahar hokimining 27-oktabrdagi qarori bilan poytaxtda issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun tariflar oshirilmoqda.
Aholiga issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlarining yangi chakana tarifi 15% ga — QQSsiz 121 617 so‘mdan 139 860 so‘m/Gkalgacha oshadi. Yuridik shaxslar uchun ham tarif 40% ga oshadi — bir Gkal uchun 244 497 so‘mdan 342 296 so‘mgacha.
Bazaviy tarif 7% ga — 664 465 so‘mdan 711 641 so‘m/Gkalga oshadi. Budjet tashkilotlari uchun tarif 18,8% ga — 801 963 so‘mdan 952 797 so‘m/Gkalga qimmatlashadi.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi belgilangan.
Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi Veolia Energy Tashkent korxonasining issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini oshirish haqidagi taklifini 22-avgustdagi qarori bilan ma’qullagan edi. O‘shanda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tariflarni 2025-yil 1-oktabrdan oshirishni taklif qilgandi.
Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayevaning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt aholisi bazaviy tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiyalar shaklida qoplanadi. Hukumat 2030-yilgacha issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Tariflar oxirgi marta 2024-yil 15-noyabrda ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda endi isitish va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladi. Veolia Energy Tashkent saytida shaxsiy kabinetga yangi xususiyat qo‘shilgan bo‘lib, unga ko‘ra, endi to‘lovlar isitish va issiq suv ta’minoti kabi ikki turdagi xizmatlarga bo‘linadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ