Toshkent–Chorvoq pulli yo‘li 3 yilda quriladi
Loyihaga Qatar va Janubiy Koreya kompaniyalari jalb etilishi rejalashtirilmoqda
Uzunligi 52 km bo‘lgan Toshkent-Chorvoq pulli avtomobil yo‘lini uch yilda qurish rejalashtirilgan. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining “Avtoyo‘linvest” agentligi direktori o‘rinbosari Asliddin Isayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha Qatarning Protocol Capital Group kompaniyasi va Janubiy Koreyaning Korea Expressway Corporation (Janubiy Koreyaning pulli yo‘llarini boshqaradi) bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
Protocol Capital Group — Qatarning yirik investitsiya kompaniyasi bo‘lib, uning aktivlari 4 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi va dunyoning 34 mamlakatida 1000 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan. Kompaniya portfeli ko‘chmas mulk, neft va gaz, suv omborlari, havo bilan sovutish, qurilish materiallari, metallurgiya va farmatsevtika kabi sohalarni qamrab oladi. Kompaniya vakili transport vaziri Ilhom Mahkamov va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Ayni paytda loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda.
Hozir loyihalashtirish uchun xalqaro konsalting kompaniyalari jalb qilingan. Yo‘l uch yildan keyin foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan, — dedi Isayev.
Yangi Toshkentdan Chorvoq suv omborigacha bo‘lgan yangi trassa qurilgach, yo‘lga ketadigan vaqt sezilarli darajada qisqaradi.
Kapital.uz avvalroq Toshkent — Qamchiq pulli yo‘li qurilishi $3,66 mlrdga baholangani, birinchi bosqichda Toshkentdan Angrengacha Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi 171 kilometr uzunlikdagi yo‘l qurilishi haqida xabar bergandi.
Bundan tashqari, Isayev Toshkent–Samarqand pulli yo‘li qurilishi haqida ma’lumot berib, unda 12 ta kirish-chiqish punkti tashkil etilishi haqida ma’lum qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ