“Toshkent–Andijon” pulli avtomobil yo‘lining loyihalashtirish ishlari boshlandi
Birinchi bosqichda yo‘lning uzunligi 171 kmni tashkil qilmoqda
“Toshkent–Andijon” pulli avtomobil yo‘lining 1-bosqichi – davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish ishlari boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Loyihaning 1-bosqichi umumiy uzunligi 171 kmni tashkil etib, Toshkentdan Angrengacha boʻlgan avtomobil yoʻli va Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni oʻz ichiga oladi. Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi orqali “Toshkent–Andijon” (1-bosqich) pulli avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish loyihasini (“Loyiha”) amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Jahon banki ko‘magida “Arup and Partner’s” (Buyuk Britaniya), “PWC” va “CMS Cameron” (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumi Hukumat tomonidan xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun Loyihaning maslahatchisi sifatida jalb qilingan.
Hukumat tenderda gʻolib boʻlgan ishtirokchini tanlov asosida tanlash va uzoq muddatli DXSh bitimini imzolashni rejalashtirmoqda.
Tender DXSh toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq ikki bosqichda oʻtkaziladi:
- birinchi bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan oʻtish uchun hujjatlarini topshiradi;
- ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan oʻtgan kompaniyalar loyiha boʻyicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadilar.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi yo‘l qurilish sohasida DXSh loyihalarida tajribaga ega boʻlgan barcha kompaniyalar 2025-yil 21-aprel kuni, Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga qadar dastlabki malakani saralash bosqichi uchun hujjatlarini topshirishlari mumkin.
Batafsil Transport vazirligining rasmiy sahifasida bilib olish mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ