Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali foydalanishga topshirildi
Rekonstruksiyadan so‘ng zal qo‘shimcha 2,2 ming kvadrat metrga kengaytirilib, ochiq terassa va uchib ketish terminalida yangi VIP zal ochildi
Фото: Uzbekistan Airports
Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi yakunlanib, yo‘lovchilar uchun yangilangan uchib kelish zali, shaharga qaragan ochiq terassa va VIP jo‘nash zali ochildi.
Ta’mirlash loyihasi doirasida asosiy uchib kelish zali binosi 2,2 ming kvadrat metrga kengaytirilib, umumiy maydoni qariyb 5 ming kvadrat metrga yetkazildi. Endilikda kutib oluvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan, yaqin kunlarda esa bu hududda qahvaxonalar, ichimliklar barlari, muzqaymoq va gul do‘konlari faoliyatini boshlaydi.
Loyiha doirasida aeroport oldidagi transport harakatini tartibga solish maqsadida ikki yo‘lakli tizim joriy qilindi. Birinchi yo‘lak sayyohlik avtobuslari va rasmiy aeroport taksilari uchun mo‘ljallangan. Hozirda ikki nafar rasmiy taksi operatori faoliyat yuritmoqda, yaqin orada ularning soni oltitaga yetadi. Ikkinchi yo‘lak esa kutib oluvchilar transport vositalari hamda taksi agregatorlari uchun ajratilgan. Bu yo‘lakda 10 daqiqalik to‘xtash chegarasi joriy etilgan bo‘lib, qoidabuzarliklar avtomatik tarzda qayd etiladi va jarima yuboriladi.
Avtoturargoh infratuzilmasi ham kengaytirilib, P2 va P3 joylari birlashtirildi — endilikda 347 ta avtomobil uchun joy mavjud.
Rekonstruksiya loyihasining yakuniy bosqichida uchib kelish va jo‘nash zallari yagona terminal majmuasiga birlashtiriladi. Qurilish tugagach, terminalning umumiy maydoni 16 ming kvadrat metrdan oshib, soatiga 2400 yo‘lovchini qabul qila oladi.
Shuningdek, bugundan boshlab 2,2 ming kvadrat metrlik ochiq terassa ham foydalanishga topshirildi. Jo‘nash zalining ikkinchi qavatida joylashgan ushbu maydon yo‘lovchilar va ularni kuzatib kelganlar uchun mo‘ljallangan. Terassa soyabonlar, o‘rindiqlar va mikroiqlim tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, shaharning manzarasini, samolyotlarning harakatini va uchishini kuzatish imkonini beradi.
Bundan tashqari, VIP jo‘nash zali ham yangilandi — mavjud 1,1 ming kvadrat metr maydonga yana 300 kvadrat metr qo‘shilib, yo‘lovchilarga yanada keng va qulay sharoit yaratildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ