O‘zbekistonda to‘rtta yirik davlat banki yil oxirigacha xususiylashtirilmaydi
Aslida, 2025-yilga kelib 60% gacha oshirish maqsad qilingan edi

Фото: Asakabank
O‘zbekiston hukumati 2025-yil oxirigacha to‘rtta yirik davlat bankini xususiylashtirish jarayonini yakunlashni rejalashtirmayapti. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada aytiladi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka” AJ, “Aloqabank” AT va “Turonbank” ATBdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, bunda birinchi bosqichda ularni institutsional o‘zgartirish (faoliyatini transformatsiya qilish), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini sotish nazarda tutilgan.
“O‘zsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026-yillarga, “Asakabank”, “Aloqabank” va “Turonbank”niki esa 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, “Agrobank” ATB, “Xalq banki” AT, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” ATBni sotish 2026−2028-yillarda rejalashtirilmagan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi aniqlik kiritishicha, ushbu beshta bank ustav kapitallaridagi davlat ulushini saqlab qolish bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan.
22-iyulda Qonunchilik palatasi deputatlari Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga parlament so‘rovi yuborgandi.
2020−2025-yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyada bir qancha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish belgilangan. Xususan, unda bank tizimi aktivlarining umumiy hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari ulushini joriy 15% dan 2025-yilga kelib 60% gacha oshirish maqsad qilingan.
Biroq, joriy yil 1-iyul holatiga bu ko‘rsatkich 35% ni tashkil qilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo‘mita parlament nazorati to‘g‘risidagi qonunning 14 moddasiga muvofiq, bir qancha savollar bilan Markaziy bankka murojaat qilishni taklif qilmoqda, — dedi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov.
Shuningdek, yil boshida “Asakabank”, “Aloqabank” va “O‘zsanoatqurilishbank” dagi davlat ulushlarini sotish muddati 2025-yilga qoldirilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ