OKMKga to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi qurilishini jadallashtirish topshirildi
Bunign uchun uskunalar buyurtma qilinib, qurilish ishlari boshlab yuborildi
Фото: O’zbekiston 24
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida (OKMK) to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi (MOF-4) qurilishini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda AGMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, davlat rahbarining mart oyidagi tashrifidan so‘ng uchinchi mis boyitish fabrikasida (MOF-3) kunlik ishlab chiqarish hajmi 250 tonnadan 800 tonnagacha oshgan. Bu esa yangi ishlab chiqarish liniyasining barqaror ishlayotganini ko‘rsatmoqda.
OKMK rahbari MOF-4 loyihasi doirasida uzoq muddatda ishlab chiqariladigan texnologik uskunalar uchun buyurtmalar berilganini ta’kidladi. Hozirda ishlab chiqaruvchilar zarur jihozlarni tayyorlash ishlarini boshlagan. Shu bilan birga, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish jarayoni ham davom etmoqda.
Qurilish jarayonini tezlashtirish maqsadida obyekt hududida yer ishlari va geologik tadqiqotlar boshlangan. Xursanovning qayd etishicha, mamlakat rahbari tomonidan loyiha amalga oshirilishini maksimal darajada jadallashtirish vazifasi qo‘yilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki besh oyida AGMK tomonidan 25 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Dastlab bu davr uchun 17,5 trln so‘mlik ko‘rsatkich rejalashtirilgan edi. Rejaning ortig‘i bilan bajarilishiga MOF-3ning birinchi liniyasi ishga tushirilgani sabab bo‘lgan.
Loyiha ijrosini nazorat qilish maqsadida mas’ullarga MOF-4 qurilishi bo‘yicha haftalik va oylik ish jadvallarini ishlab chiqish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil oxirigacha MOF-3ning barcha texnologik liniyalarini to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada korxonada kuniga 5 ming tonnagacha mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. “Yoshlik-1” konidagi loyihalarni amalga oshirishda suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda tashqi moliyalashtirishni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ