TOP-300 universitetlarga kirgan yoshlar va pedagoglar uchun ta’lim krediti beriladi
Kredit miqdori $20 minggacha bo'lib. unga teng miqdoridagi milliy valyutada belgilanadi
O‘zbekiston hukumati xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni istagan yoshlar va pedagog xodimlarga imtiyozli ta’lim krediti ajratish tartibini tasdiqladi.
2026-yil 2-martdagi 88-sonli hukumat qarori bilan “Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga ta’lim kreditini ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi.
Mazkur nizomga ko‘ra, ta’lim kreditlari Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi hamda ularni berish va qaytarish mexanizmlari belgilab berilgan.
Kredit QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) reytinglariga ko‘ra TOP-300 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan, 30 yoshdan oshmagan (shu jumladan 30 yoshdagi) O‘zbekiston fuqarolari hamda pedagog xodimlarga beriladi.
Ta’lim krediti bakalavriat va magistratura dasturlarida tahsil olish uchun ajratiladi. Uning miqdori bir o‘quv yili uchun $20 minggacha bo‘lgan ekvivalentda milliy valyutada belgilanadi.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan keyin 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Kredit stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.
Kredit olish uchun murojaat qiluvchilar bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, birinchi kurs uchun taklifnoma xati, ikkinchi kursdan boshlab akademik o‘zlashtirish natijalari, to‘lov-kontrakt shartnomasi va oliy ta’lim muassasasining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoys, birgalikda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik daromadlari haqidagi ma’lumot hamda 30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun mehnat daftarchasidan ko‘chirma taqdim etishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ